16:40 / 22.06.2020
10378

AQShda lotin amerikalikning politsiya tomonidan o‘ldirilishiga qarshi namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi

Andres Guardado 18 iyun kuni Gardin shahrida politsiya xodimi tomonidan otib o‘ldirilgandi. Hokimiyatning bildirishicha, u yonida yarim avtomat to‘pponcha bilan yurgani aniqlangan.

Foto: Reuters

Kaliforniya shtatining Kompton shahrida politsiya tomonidan lotin amerikalik Andres Guardadoning o‘ldirilishi sababli yakshanba kuni o‘tkazilgan norozilik namoyishi politsiyachilar bilan to‘qnashuvga aylanib ketdi. Bu haqda CNN telekompaniyasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, namoyishchilar dastlab 18 yoshli marhumni xotirlash uchun Gardina shahrida to‘plangan. So‘ngra qo‘shni Kompton shahridagi Los-Anjyeles okrugi sherifi ofisiga yo‘l olishgan. Bu yerda norozilik bildiruvchilar va huquq posbonlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Politsiya xodimlari to‘planganlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. CBS telekompaniyasining ma'lumot berishicha, tartibsizliklar davomida olti kishi qo‘lga olingan.

Guardado 18 iyun kuni Gardin shahrida politsiya xodimi tomonidan otib o‘ldirilgandi. Hokimiyatning bildirishicha, u yonida yarim avtomat to‘pponcha bilan yurgani aniqlangan. Politsiya xodimini ko‘rganidan so‘ng esa qocha boshlagan. Uni ta'qib qilgan politsiyachi oltita o‘q uzgan, Guardado olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Politsiyachilar voqea sodir bo‘lgan vaqtda yonlaridagi kameralar o‘chirilgan holatda bo‘lganligi hodisa tafsilotlarini o‘rganishni qiyinlashtirmoqda, deya qayd etadi telekompaniya.

Avvalroq Minneapolis shahrida afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan so‘ng AQShning ko‘plab shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari va tartibsizliklar yuz bergandi.

Top