15:49 / 22.06.2020
6973
Mirobod tumanida yoshlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Toshkent shahar IIBB Mirobod tumanida ro‘y bergan hodisa haqida ma'lumot berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Internetda yoshlar o‘rtasidagi kelishmovchilik videosi tarqaldi, unda bir tomon boshqasi minayotgan mashinaga yaqinlashib, undan chiqishni talab qilib avtomobil korpusini tepgani ko‘rinadi.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, videodagi hodisa 21 iyun kuni taxminan soat 21:15da Mirobod tumani Istiqbol ko‘chasida ro‘y bergan. 23 yoshli A.D. “Neksiya-3” rusumli avtomobilda 22 yoshli G.A. bilan birga bo‘lgan. Ularning yoniga bir necha kishi kelib, mashinadan chiqishni talab qilishgan, rad javobini eshitgach esa mashinani tepa boshlashgan.

Ushbu hududda xizmat olib borgan PPX xodimlari 24 yoshli U.M. va 18 yoshli O‘.J.ni aniqlab, qo‘lga olishdi. Qonuniy chora ko‘rilishi uchun yoshlarni xolislar ishtirokida va hodisa guvohlari bilan birga Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limiga olib kelishgan. U yerda ma'lum bo‘lishicha, yoshlar orasidagi kelishmovchilik bir necha kundan buyon davom etib kelgan.
 
Aniqlanishicha, hodisa ishtirokchilari ilgariroq telefon orqali janjallashib, uchrashishga kelishganlar. Uchrashuv vaqtida yuzaga kelgan kelishmovchilik tasvirga olinib, internetga joylangan. Yaqin atrofda xizmat qilib yurgan PPX xodimlari kelishmovchilik ishtirokchilarini voqea joyida qo‘lga olishdi.

Hozirgi vaqtda A.D.ning arizasi bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda.

Top