20:54 / 22.06.2020
7600

Qozog‘istonning oblastlaridan birida karantin rejimi kuchaytirildi 

23 iyundan Qozog‘istonning Qo‘stanay oblastida koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli kuchaytirilgan karantin rejimi joriy qilinadi. 

Foto: Kazakh TV

Ta'kidlanishicha, oblastda har kuni 50 dan 100 tagacha yangi kasallanish holati qayd qilinmoqda. Kasallanganlar umumiy soni 518 nafarga yetgan. Shu sababli oblastning bosh sanitar vrachi Vladimir Nechitaylo tomonidan oblastda 23 iyundan 30 iyungacha karantin rejimini kuchaytirishga qaror qilingan.

Ushbu vaqt davomida barcha turdagi maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati to‘xtatiladi, sport to‘garaklari va seksiyalari faoliyati taqiqlanadi. Bundan tashqari, oblastda ovqatlanish obektlari ishi cheklanadi, ular faqat yetkazib berishgagina ishlaydi.

Nechitayloning ta'kidlashicha, vaziyatning yomonlashishiga ham aholi, ham tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan cheklovlarga ommaviy rioya qilinmasligi sabab bo‘lgan. Jumladan, taqiqlovlarga qaramay, kafe va restoranlarda banketlar, to‘ylar va bazmlar o‘tkazilgan.

Oblast ma'muriyatida ma'lum qilinishicha, kelayotgan dam olish kunlari – 27 va 28 iyunda oblastning 6 ta shahrida (Qo‘stanay, Rudniy, Jitikara, Lisakovsk, Arkalik va Tobil) aholining uydan chiqishini taqiqlovchi eng qat'iy karantin rejimi - “lokdaun” kiritiladi. Yashash joyini ishga, dorixona va do‘konlarga borish, uy hayvonlarini sayrga olib chiqish uchungina tark etishga ruxsat beriladi.    

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top