15:22 / 22.06.2020
7823
Zelenskiy Eronni xalqaro sudga berish bilan tahdid qildi

8 yanvarda Tehrondan Kiyevga parvoz qilayotgan Ukraina havo yo‘llariga qarashli Boeing 737-800 samolyoti havoga ko‘tarilganidan bir oz o‘tgach qulab tushgan, Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘onistonning 176 nafar fuqarosi halok bo‘lgandi.

Foto: EPA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar Eron urib tushirilgan Boeing samolyoti bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarmaydigan bo‘lsa, xalqaro sudga murojaat qilishini aytdi.

"Vaqti kelib Eron hukumati tomonidan natijali siyosat bo‘lishiga umid qilaman. Ular bizga nafaqat "qora qutilar"ni qaytarib bermayapti. Gap boshqa va'dalar haqida bormoqda. Ular rasman uzr so‘rashi kerak. Ular munosib tovon to‘lashi kerak", - dedi Zelenskiy Globe and Mail gazetasiga bergan intervyusida.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron "qora qutilar"ning qaytarilishi kechikishini koronavirus bilan izohlamoqda.

"Ammo bu muammo cheksiz kutib turishi mumkin emas. Ular bergan va'dalarini bajarishi kerak. Aks holda xalqaro sudga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmaydi", - dedi u.

8 yanvarda Tehrondan Kiyevga parvoz qilayotgan Ukraina havo yo‘llariga qarashli Boeing 737-800 samolyoti havoga ko‘tarilganidan bir oz o‘tgach qulab tushgan, Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘onistonning 176 nafar fuqarosi halok bo‘lgandi.

Eron harbiylari 11 yanvar kuni Ukraina samolyoti tasodifan urib tushirilganini ma'lum qildi. 

Top