20:29 / 23.06.2020
38180
Rossiya sudi Tohirjon Jalilovning qarzdorligini 500 mln rubl deb topdi

Jalilovning bankrotligi 2019 yil noyabrdan beri davom etmoqda, hakamlik sudi unga nisbatan qarzlarni restrukturizatsiya qilish jarayonini belgilagan.

Foto: spb.adlr.ru

Voronej oblasti hakamlik sudi GM Uzbekistan avtokonsernining sobiq bosh direktori, Voronejdagi Uz-Daewoo avtomobillari dileri va «Km/ch» avtosalonlar tarmog‘ining sobiq egasi, hududda bankrotlik e'lon qilgan Tohirjon Jalilovning 500 mln rublga yaqin qarzdorligini kreditorlar reyestriga kiritdi. Bu haqda «Kommersant» gazetasi yozmoqda.

«Vozrojdeniye» banki biznesmenning kreditorlar talablari reyestriga bir nechta kredit shartnomalari, qarz foizlari va komissiyalar bo‘yicha 209,68 mln rubl kiritgandi.

Sankt-Peterburgdagi «Auditorsko-konsaltingovaya yuridicheskaya firma «Ob'yedinennaya yuridicheskaya kollegiya»  MChJ kafillik shartnomasi bo‘yicha 299,22 mln rubl qarz bilan Jalilovning bankrotligiga qo‘shildi.

Jalilovning bankrotligi 2019 yil noyabrdan beri davom etmoqda, hakamlik sudi unga nisbatan qarzlarni restrukturizatsiya qilish jarayonini belgilagan. «Vozrojdeniye» banki 2019 yil martda 502,99 mln rubl qarzdorlik sababli Jalilovning bankrotligini talab qilgandi.

«Km/ch» avtosalonlaridagi moliyaviy muammolar haqida 2016 yilda, ularning yuridik shaxslari Investtorgbank va «Vozrojdeniye» bankidan bankrotlik to‘g‘risidagi da'voni olganida ma'lum bo‘lgandi. Salonlar Uz-Daewoo, Ravon, Iveco, ZAZ, Skoda va Volkswagen avtomobillarini sotgan. Barcha salonlar 2014 yilda olingan kreditlarga o‘zaro kafil bo‘lgan, Rossiyadagi tarmoq asosiy yuridik shaxslarining qarzi 20 mlrd rubldan oshishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Jalilov 2017 yildan buyon «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Top