08:33 / 26.06.2020
8292
Amerikalik virusolog AQShda 25 mln kishi koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligini aytdi

AQShning 25 mln fuqarosi koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkin. Bu esa rasmiy ko‘rsatkichlardan 10 marta ko‘proqni tashkil qiladi. Bu haqda AQShning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari direktori Robert Redfild ma'lum qildi. 

Foto: Reuters

“Bu virus juda ko‘p holatlarda kasallikning alomatsiz kechishini keltirib chiqaradi. Biz, ehtimol, kasallik ko‘lamining taxminan 10 foizini aniqlaganmiz”, deb keltirgan Redfild so‘zlarini The Hill nashri.

Redfildning ta'kidlashicha, avvalroq koronavirusga testlar 2,4 mln amerikalikda virus borligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, boshqa bir qator testlar, jumladan donorlar qon topshirgandagilari koronavirusga chalinganlar mamlakatning 328 mlnlik aholisidan 5-8 foizni tashkil qilishini ko‘rsatgan. 

Virusologning ta'kidlashicha, bunday sharoitda yuz millionlab amerikaliklar hamon xavf ostida qolmoqda.

“Virus tarqalishi yakunlanmadi. Pandemiya yakunlanmadi. Hozirda bizda bu borada mavjud eng kuchli qurol – masofa saqlashdir. Biz zaif kishilar, keksalarni himoya qilish uchun ijtimoiy moslashuv strategiyasini amalga oshirishga mas'ulmiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Redfild.

Uning aytishicha, AQSh hamon kasallikning turli shakllarga kirayotgan birinchi to‘lqinini boshdan kechirmoqda. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 2,5 mlndan oshib ketdi, undan vafot etganlar soni 126 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Avvalroq CNBC telekanali AQShda so‘nggi sutkada rekord darajada - 45,5 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilganini ma'lum qilgan.

Jumladan, Kaliforniyada oxirgi 2 kun ichida koronavirusga chalinish holatlari 69 foizga o‘sgan. U yerda bir kun ichida 7,1 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan.

Shunday ko‘p sonda kasallanish holatlari Texas, Arizona, Alabama, Arkanzas, Janubiy va Shimoliy Karolina hamda Yuta shtatlarida hamon qayd etilmoqda. 

Shu bilan biga, Kolumbiya okrugi, Konnektikut, Illinoys, Indiana, Merilend, Massachusets, Nyu-Jyersi, Nyu-Gempshir va Rod-Aylend shtatlarida kasallanish ko‘lami qisqarmoqda. 25 iyunda Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo shtat shifoxonalarida mingdan kamroq bemor qolayotganini ma'lum qilgan, bu esa mart oyi o‘rtasidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top