09:57 / 30.06.2020
3454
So‘nggi ikki yilda ta'lim tizimida 326 nafar, sog‘liqni saqlash tizimida 581 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan

91 ta davlat oliy o‘quv yurtlarining 40 tasi yoki deyarli har ikkinchisida rahbar yoki professor-o‘qituvchilar tomonidan ta'limga aloqador jinoyat sodir etilgan.

2020 yil 29 iyun kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda bosh prokuror o‘rinbosarining sog‘liqni saqlash, ta'lim va qurilish sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.

Majlisda oliy ta'lim, qurilish va sog‘liqni saqlash sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatda ayrim kamchiliklar mavjudligiga e'tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, tahlillar so‘nggi ikki yilda ta'lim tizimida 326 nafar xodimlar ta'lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. 317 nafar, ya'ni 97 foiz xodim sodir etgan qilmishlar korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi.

91 ta davlat oliy o‘quv yurtlarining 40 tasi yoki deyarli har ikkinchisida rahbar yoki professor-o‘qituvchilar tomonidan ta'limga aloqador jinoyat sodir etilgan. Mavjud 970 ta kollej va litseylardan 131 tasi, ya'ni 14 foizida ta'limga bog‘liq jinoyatlar yuz bergan.

So‘nggi ikki yilda sog‘liqni saqlash tizimidagi 581 nafar xodimlar turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ulardan 114 nafari, ya'ni har to‘rtinchisining sodir qilgan qilmishi korrupsion jinoyat ekanligini ko‘rsatdi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Top