10:23 / 30.06.2020
6110
Xitoy Hongkongning milliy xavfsizligi haqidagi mojaroli qonunni qabul qildi - OAV  

Xitoy parlamenti Hongkongning milliy xavfsizligi haqidagi qonunni qabul qildi. Qonun 1 iyuldan kuchga kiradi. U muhokama vaqtidayoq AQSh va Yevropa davlatlari tanqidiga uchragandi.

Foto: REUTERS / Thomas Peter

Xitoy xalq vakillari yig‘ini doimiy qo‘mitasi Hongkong milliy xavfsizligini ta'minlash haqidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda 30 iyunda South China Morning Post nashri xabar berdi.   

Ta'kidlanishicha, hujjat 1 iyulda - Britaniyaning sobiq hududi bo‘lgan Hongkongning Xitoy suverenitetiga o‘tishining 23 yilligi kunida kuchga kiradi. Qonun uchun Xitoy parlamentining barcha 162 a'zosi ovoz bergan.

Hujjat matni hozircha oshkor qilinmagan. U 30 iyunning ikkinchi yarmida e'lon qilinishi kutilmoqda.
 
Yangi qonun Hongkongning milliy xavfsizligi xavf soluvchi harakatlarga qarshi kurashga qaratilgan. Bunday tahdidlarga ayirmachilik, terrorchilik, davlat hokimiyatiga putur yetkazish va Xitoyga qarshi xorijiy kuchlar bilan til biriktirish kiradi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hujjat eng jiddiy qoidabuzarliklar uchun maksimal jazo sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi. 

Pekinga Hongkongda o‘z maxsus xizmatlarini tashkil etish hamda norozilik aksiyalari o‘tkazilishini taqiqlashga imkon beruvchi ushbu qonun ishlab chiqilayotgani haqida may oxirida ma'lum bo‘lgan. 

Qonun loyihasi taklif qilinish bosqichidayoq Hongkongdagi hukumatga qarshi kuchlar hamda bir qator g‘arb davlatlari tanqidiga va noroziligiga uchragan.   

AQSh Xitoyning ushbu tashabbusini Hongkongning avtonom maqomi buzilishi deb qabul qilgan va Xitoyning maxsus ma'muriy hududi foydalangan barcha imtiyozlarni bekor qilishni boshlagan. 

Top