17:22 / 03.07.2020
13013
«Bola yoshligidanoq Rossiyaga borib ishlashni o‘ylamasligi uchun uni to‘g‘ri yo‘naltirish kerak» - muallim Turdali Berdiyev bilan suhbat

Muallim – mehnati og‘ir, mashaqqati ko‘p, ammo natijasi tezda bo‘y ko‘rsatmaydigan kasb hisoblanadi. Kun.uz muxbiri xalq ta'limida uzoq yillar mehnat qilgan, ko‘pgina yoshlarning hayotda to‘g‘ri yo‘lni topishida sababchi bo‘lgan pedagog, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Turdali Berdiyev bilan suhbatlashdi.

Turdali Berdiyev o‘qituvchilikda o‘z boshidan kechirgan quvonch-u tashvishlari, qiyinchiliklarini hikoya qilib berdi. Shuningdek, suhbatda xalq ta'limi tizimidagi nuqsonlar, darsliklar, fan olimpiadalaridagi «nayranglar» haqida ham so‘z bordi.

– 1982 yilda ToshDU (hozirda O‘zMU) matematika fakultetini tamomlab Qashqadaryoga qaytdim. Garchi aslida Yakkabog‘lik bo‘lsam-da, viloyat ma'murlari cho‘l tumanlaridan biri – Mirishkor (o‘sha paytda Bahoriston) tumaniga yuborishdi.

O‘qituvchilikning dastlabki davri sinov bilan boshlangan. Chunki o‘sha payti men borgan maktabda bironta matematika o‘qituvchisi yo‘q, qishloq kichikligi sabab sanoqligina bola o‘qirdi.

Ishga kirganimga xursand bo‘lib ertasi kuni maktabga borsam, o‘quvchi kamday. Sanab chiqdim: butun boshli maktabda 37 nafar o‘quvchi o‘qir ekan. 25-30 bolani o‘qitaman degan orzuda kelib, ko‘rsamki, sinfda ikkita qiz... Qolganlar qani desam, borimiz shu, ustoz, deydi. Barakasini bersin, deb o‘qitaverdim.

O‘sha zamonalarda ayni qishloq odamlarida o‘qiganing bilan puling bo‘lmasa, o‘qishga kirolmaysan, degan tasavvur bor edi. Ularga bolalaring o‘z bilimi bilan o‘qishga kiradi, desam, ishonishmasdi. Qachonki qishloq bolalari oliygohga kirganda va dastlabkilari aynan matematik bo‘lib chiqqandan keyingina ishonishdi. O‘zimning o‘quvchilarim o‘qishni bitirib kelgach, o‘z yurtim Yakkabog‘ga qaytdim.

O‘qituvchilik – og‘ir kasb, bir paytlari bu sohaga e'tibor susayganda ko‘plab erkak o‘qituvchilar sohani tark etdi, kimdir boshqa ishga o‘tdi, kimdir Rossiyaga ketdi. O‘qituvchilikni yaxshi ko‘raman, shu sabab muallimlikni tashlamadim. Yillar davomida qilgan mehnatlarimizga yarasha e'zoz ham topdik. 1997 yil «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni, 2001 yil «Shuhrat» medali bilan, 2015 yilda «O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi» unvoni bilan taqdirlandim.

«Umumiy saviya va bilimga intilish susaydi»

– Avvallari odamlar iqtisodiy qiynalibroq yashasa, o‘qishga ko‘proq intilardi. O‘qishga bo‘lgan intilish kuchli bo‘lgan. Chunki o‘qigan odam o‘ziga to‘q yashardi. 2000 yillardan boshlab odamlar Rossiyaga ishlashga keta boshlagandan so‘ng o‘qituvchi ham odammi degan darajagacha borib qoldi.

Umumiy saviya va bilimga intilish susaygan bo‘lsa-da, bilimga chanqoq yoshlar talaygina. Ammo avvalgiday 30ta bolani ichida 20ta faol bo‘lganiday emas. Komron degan o‘quvchim bor edi, ozgina narsani juda katta qilib qabul qilardi, o‘zim o‘qitgan o‘quvchilarim ichida 5ta shunday bolani ko‘rdim. O‘tgan yili bir o‘quvchim respublika olimpiadasida 2-o‘rinni oldi, u endi 8-sinfdan 9ga o‘tdi.

Bola bilan soatlab o‘tirishga to‘g‘ri keladi, urinish kerak, shuning uchun ham o‘qituvchining mehnati og‘ir.

«Darsliklar alohida mavzu»

– Mustaqillikning dastlabki yillarida chiqqan kitoblar eng yaxshi kitoblar edi. Keyingi yillarda ularni soddalashtirib, qiyin joylarini olib tashlaymiz, deb darsliklar saviyasini ancha pasaytirib qo‘yishdi.

Hozirda o‘qitilayotgan darsliklarni maqtab bo‘lmaydi. Dizaynga urg‘u berilgan, chiroyli ko‘rinishli qilib ishlangan, lekin ichida matnlarda xatoliklar ko‘p. Hatto o‘zbek tilida yozuvda, ya'ni imloda xato ko‘p, masalalar yarmi qolib ketgan o‘rinlar bor.

Buni ilmiy xatoliklar deb aytolmayman, ammo ba'zida matnni o‘qib tushunmay qolamiz. Ayniqsa, geometriya darsliklarining oqsoq joylari talaygina. 7-sinfini bir olim yozsa, 8 yoki 9-sinfiga boshqasi muallif, 10-11ga esa tamoman o‘zga muallif va ular orasi bog‘lanmay qolgan.

Bu hali bir fan doirasidagi hodisalar. Bundan tashqari, matematikani fizikaga yoki biologiyaga bog‘laydigan joylari ham bor-da, darsliklarda bu aks etishi zarur.

Bundan tashqari, darsliklarga qo‘shilayotgan qoidalar ham bor, 6-7-sinflarga ehtimollar nazariyasi, graflar nazariyasi kabilar qo‘shilyapti. Endi o‘qib ko‘radigan bo‘lsak, biz ham 3-4 marta o‘qib ko‘rmasak, nima deyayotganini tushunmay qolyapmiz. Chunki bitirib kelganimizdan buyon o‘sha nazariyalar bilan shug‘ullanmaganmiz. O‘zingiz tushunmagandan keyin o‘quvchiga qanday yetkazib berasiz.

Shuningdek, oliygohning yuqori kurslarida o‘tiladigan variatsion hisob, matematik statistika degan mavzular 11-sinf kitobiga qo‘yilgan. Mana shularni o‘qitish, o‘quvchiga tushuntirishda qiynalamiz, albatta. Katta tajriba bilan men shunchalik bo‘lyapmanmi, yangi bitirib bir-ikki yil ishlagan yoshlar holini bilavering. Shunday bo‘lgandan keyin ba'zilari o‘sha mavzuni o‘tmaydi, ba'zilari o‘tdim, tushunmadi, nima qilay, deb turadi.

Bir kuni Qarshidan bir o‘qituvchi qo‘ng‘iroq qildi, men ham 20 yildan beri dars beraman, falon-falon bo‘limlarni o‘qitolmayapman, deydi. Bunga yana bir sabab – 11 yillik maktablar tugatilganda, orada ancha vaqt 10-11-sinfni o‘qitadigan o‘qituvchilar dangasa bo‘lib qoldi.

«Testlarni murakkablashtirgan bilan o‘quvchi ilmli bo‘lib qolmaydi»

– Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlaridagi testlar haqida rosa ko‘p gapiriladi, muhokama bo‘ladi, lekin yengillatishga kelganda natija kam. Test tizimi yo‘lga qo‘yilganda testlar kategoriyasiga ko‘ra yaxshiroq taqsimlangan, deb o‘ylayman. 1-2-kategoriya uchun 15tadan test savoli ajratilgan bo‘lsa, 3-4-kategoriya uchun 3tadan to‘g‘ri kelardi. Keyinchalik shu 3-4-darajalari ko‘payib ketdi. Hatto 2016-2017 yilgi testlarda uncha-muncha o‘qituvchi bajarolmaydigan holatga keldi.

Shpargalkalar avj olgan zamonlarda faqat tayyor javobga tayanilgan, ishlash imkoni bo‘lmagan misollar ham ko‘p qo‘yildi.

Avvalgi yillari test markazi chiqargan namunaviy testlarni, ba'zi bir misollarni oylab o‘ylaganmiz. «Matematika v shkole» degan jurnal bor edi, shuni titib oxiri shunaqa misolni topgandim. U 1985 yili Rossiya Federatsiyasining respublika olimpiadasiga qo‘yilgan misol ekan.

Bu yil testlar osonlashtiriladi deyishyapti. Qanchalik sodda bo‘ladi, bilmayman. Lekin soddaroq bo‘lsa, o‘quvchi uchun yaxshi bo‘ladi deb hisoblayman. Testlarni o‘quvchini bilimdon qilamiz, deb qiyinlashtirgan bilan bola ilmli bo‘lib qolmaydi. Qaytanga, darsliklarni qiyindan soddaga olib borish kerak.

«Fan olimpiadalaridagi eng achinarli hol – o‘qituvchi o‘quvchisiga masalani yechib berib o‘tirsa...»

– Fan olimpiadalarining shaffof tarzda o‘tayotganlari bilan bir qatorda yolg‘onchilikdan iborat bo‘lganlari ham talaygina. Qariyb 40 yildan beri matematika o‘qituvchisiman, o‘quvchilarimni olimpiadalarga olib boraman. Tuman va viloyat miqyosidagi bu kabi fan musobaqalarida ayniqsa, ko‘pgina nohaqliklarni ko‘rib kelaman.

Hozir siz bilan suhbatlashishdan oldin fan olimpiadasida o‘quvchim ishtirok etdi. Eng achinarlisi, ba'zi o‘qituvchilar o‘quvchilarga misol masalani yechib berib o‘tiribdi. Respublika bosqichi keyingi yillarda yaxshi bo‘lib qoldi, har holda, yuqori o‘rinlar sotib yuborilmayapti.

Rustamov Komron degan o‘quvchim har yili viloyat olimpiadasidan 2-o‘rin bilan qaytardi. Eng zo‘ri shu ekan deyishardi-yu, lekin 1-o‘rin berilmasdi. Nega deb so‘rasangiz, ha, buni egalari bor, deb javob berardi. Mana shunday davrlar ham o‘tdi-da. Shunaqa o‘yinlar sabab «Qarshini zabt etish» qiyin kechgan.

2001 yili Bo‘tayev Jasurbek degan o‘quvchimni olib bordim. 10-sinf paytidayoq matematikadan misol-masalalar to‘plamini ishlab chiqqan. QarDU domlasi hech kimga ishonmay, o‘zi kitobdan olib masala qo‘ydi. Ertasi kuni: «Seni o‘quvching bunday bo‘lishi mumkin emas, 80dan 74 ball oladimi», deyapti. Men unga aytdim: «Masalani o‘zing olib kelib qo‘yding, hech kim ko‘rgani ham yo‘q». Shu yigit viloyatda birinchi o‘rinni oldi, lekin respublikada qatnashtirilmadi, o‘rniga olib borilgan o‘quvchi esa nol ball bilan qaytgandi.

«O‘qituvchi bolaning nimaga qobiliyati borligini seza olishi muhim»

– 90-yillarda bo‘lgan edi, bir ayol o‘g‘lini olib keldi: «Matematikani o‘qitib bering, u bankir bo‘lishi kerak», dedi. Bola maktabni bitirgan, o‘qishga kirolmay qaytib kelgan ekan.

O‘quvchining darajasini bilish uchun savol bera boshladim: 11-sinfdan oxiri karra jadvaligacha keldim – javob yo‘q. Onasiga qaradim, bilmayman, o‘qitasiz, dedi. Balki hayajonlanganmi deb dars kunini belgilab o‘qita boshladim.

Tajribamdan bilamanki, ba'zi bolalar o‘qitilmagan bo‘ladi. Buni qarangki, o‘sha yigit ikki oyda juda ko‘p narsani o‘rgandi, trigonometrik tenglama ishlash darajasiga chiqdi. O‘zim ham hayron qolganman.

Endi xuddi shuning teskarisi bo‘lgan voqeani aytib beraman. Bir yili bir yigit menga matematikani o‘qiting, moliyachi bo‘laman, deb keldi. O‘qishni boshladi, oradan 2-3 oy o‘tdi, lekin o‘zgarish yo‘q, topshiriqlar chala bajariladi, xullas, moliyachi bo‘lishiga layoqatni ko‘rmadim. Bir kuni darsdan chiqarib, seni sohang boshqaga o‘xshaydi, qo‘y shu moliyani deb, o‘zim boshqa o‘qituvchiga olib borib qo‘ydim. Bu seni o‘quvching ekan, menda adashib yuribdi, deb ozroq kulishdik. Oradan ancha yil o‘tdi, mening esimdan ham chiqib ketgandi, bir kuni o‘sha yigit kelibdi. O‘zini tanitgach, ha meni urgani keldingmi, deb hazillashdim. Yo‘q, rahmat aytgani keldim, deydi. Tarjimonlik bo‘yicha o‘qibdi va shu sohasidan ketgan ekan.

Bolaning nimagadir qobiliyati albatta bo‘ladi. Uni topa olish kasbiga fidoyi pedagogning xislati deyish mumkin. O‘qituvchi xoh maktabda, xoh repetitorda o‘qitsin, o‘quvchining layoqatini aniqlab, kasbga to‘g‘ri yo‘naltira olishi kerak. Bu ham o‘qituvchi zimmasidagi mas'uliyatlardan biri.

Maktabda bolaga sen odamlarni xizmatini qiladigan mardikor emas, degan fikrlarni singdirish kerak. Ishchi kuchi ko‘p, ish bandligi kam deb mardikorlik qilib yurish yaramaydi. Yosh paytidan Rossiya yoki boshqa davlatga borib oddiy ishchi bo‘lib ishlashni emas, o‘sha yurtlarda o‘qish, tajriba orttirishni o‘ylasa, bu haqiqiy yutuq. Ya'ni o‘quvchiga maqsad qo‘ya olishni o‘rgatish uni to‘g‘ri yo‘naltirish bilan bo‘ladi. Bolam qaygadir borib ishlab yoki g‘isht quyib, birovni molini boqib pul topib kelsin, degan o‘ydan ota-onani ham qutqarish zarur.

«Attestatsiyadan o‘tolmasa, o‘qituvchiga chora ko‘rish kerak»

– Attestatsiya tizimida ham qattiqqo‘llik va jazo choralarini ko‘rish lozim. Ko‘p bora attestatsiyaga borganmiz. Yuzlab o‘qituvchini olib boradi, ichida tayyorgarlik ko‘rgani, fanini chuqur bilgani ham, saviyasi pastlari ham bo‘ladi. Attestatsiyadan 20-25 nafari o‘tdi, deyiladi. Lekin haligacha bironta odamga sen o‘tolmading, ishlamaysan, deya olgani yo‘q-da.

Chora ko‘rolmasa, attestatsiyadan o‘tkazishga olib borgani nega kerak? Chora ko‘rilmasa, o‘sha o‘qituvchi ertaga baribir bolani o‘qitmaydi, o‘qitolmaydi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Top