20:07 / 07.07.2020
3789
Koronavirus sababli dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni bir milliardga yetishi mumkin

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘yicha 821,6 mln kishi ochlikdan aziyat chekmoqda.

Koronavirus pandemiyasi sababli dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni bir milliardga yetishi mumkin, deb ogohlantirmoqda Germaniyadagi Welthungerhilfe xayriya tashkiloti.

Xususan, Afrika mamlakatlari va Janubiy yarimshardagi boshqa davlatlarda COVID-19ga chalinganlar soni oshmoqda, ko‘pchilik ishini yo‘qotdi, iqtisodiyot kuchli jabr ko‘rmoqda, mahsulotlar narxi oshyapti, sog‘liqni saqlash tizimlari esa dosh berolmayapti, dedi Welthungerhilfe rahbari Marlen Time.

Qayd etilishicha, koronavirus qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi, qurolli nizolar va sog‘liqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Shu bilan birga, dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni yaqin oylar ichida ko‘payishi mumkin.

Pandemiya oqibatlaridan rivojlanayotgan mamlakatlar va o‘tish iqtisodiyotidagi davlatlar eng ko‘p jabr ko‘radi, deb hisoblamoqda Welthungerhilfe.  

Welthungerhilfe ma'lumotiga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘yicha 821,6 mln kishi ochlikdan aziyat chekmoqda, bu yer yuzi aholisining 11 foizi demakdir. 47ta mamlakatda esa ovqatlanish bilan bog‘liq vaziyat jiddiy, o‘ta jiddiy va inqirozli deb baholanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top