G‘azoda yaratilgan ochlik harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin
Falastinning G‘azo bo‘lgasida vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Ramazonda ham urush to‘xtamadi, odamlar Isroil raketa zarbalari va ochlikdan o‘lishda davom etyapti. BMT bir necha oydan buyon sektordagi oziq-ovqat yetishmovchiligi kritik darajaga yetganini haqida ogohlantirib keladi.
Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, qayd etilayotgan statistikalar G‘azodagi gumanitar inqiroz allaqachon sun’iy yaratilgan ocharchilikka aylanib bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda Isroilga bo‘lgan xalqaro bosim yanada oshdi. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar Isroildan huquqiy burchlarini bajarib, tinch aholini himoya qilish va tinch aholi uchun gumanitar yordam mahsulotlarini o‘tkazishni so‘rashmoqda.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Volter Tyurk BBC bilan suhbatda Isroil G‘azodagi ochlikdan urushdagi qurol sifatida foydalanayotganini aytgan. Bu isbotlansa, sun’iy ochlik Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy jinoyatga tenglashtirilishi mumkin.
Isroil iqtisodiyot vaziri Nir Barkat BMT inson huquqlari bo‘yicha komissarining gaplarini safsata deb atab, mulozimning o‘zini mas’uliyatsizlikda ayblagan.
Turli davlatlarning G‘azoga yuborayotgan gumanitar yordamlari Misr chegarasidagi Rafah postida turib qolib, Isroil ularni juda uzoq byurokratik to‘siqlardan keyingina o‘tkazmoqda. Oqibatda Iordaniya, Britaniya va AQSh G‘azoga osmondan yordam yuklarini tashlashga qaror qildi. Vaholanki bu eng samarasiz yo‘l hisoblanadi. Hozirgacha yordam yuklarini olayotganda 12 kishi dengizga cho‘kib o‘lgani, 5 kishi ustiga parashyuti ochilmagan quti tushishi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum.
Qo‘shimchasiga AQSh Harbiy dengiz kuchlari O‘rta Yer dengizida gumanitar yuklarni qabul qilib, G‘azoga yuborish uchun vaqtincha suvusti porti qurish maqsadida Atlantika orqali injyenerlik kemasini yubordi. Isroil quruqlikdan yordam yuklari kirib kelishiga ruxsat berganida, buncha tashvish bo‘lmasdi.
Qizig‘i, Ashdodda G‘azo shimoligacha yarim soatda borish mumkin bo‘lgan zamonaviy port bor. Isroil yordam yuklari bu yer orqali qabul qilinishiga ham ruxsat bermayapti.
Byurokratik to‘siqlar
BMT komissari Tyurk Jyenevada bergan intervyusida Isroil yordam yuklari kirishini atay sekinlashtirayotgani yoki asossiz to‘xtatib qolayotgani haqida isbotlar borligi haqida gapirgan. U HAMASning 7 oktyabrdagi Isroilga hujumini, tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qoralagan. Ammo hech bir davlat yordamga muhtoj odamlarga borayotgan yuklarni to‘sib qo‘yishga haqqi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
«Gumanitarchi do‘stlarimiz byurokratik to‘siqlar mavjudligi haqida gapirmoqda. Bunda Isroilning katta aybi bor. Tushunaman, o‘tayotgan mahsulotlarni tekshirish kerak, ammo bu bir necha kun talab qilmasligi aniq», degan BMT mulozimi.
Tashkilot G‘azodagi gumanitar inqiroz haqida e’lon qilgan hisoboti ko‘plab statistika ma’lumotlari, diagramma va xaritalar orqali e’lon qilindi. Bu hisobotdan keyin ko‘pchilikning bo‘lgadagi vaziyat bo‘yicha xavotirlari oshdi. Isroilning ittifoqchilari ham bu mamlakat HAMASga qarshi urush yo‘nalishini o‘zgartirishi kerakligi haqida ochiq gapirishmoqda.
8 haftadang so‘ng chinakam ochlik boshlanishi mumkin
BMT surishtiruviga IPC deb nomlanuvchi oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha obro‘li tashkilotning hisoboti ham qo‘shimcha qilingan. Bu tashkilot hukumatlar va BMT kabi xalqaro tashkilotlarga ocharchilik masshtablari bo‘yicha o‘z tadqiqotlarini taqdim etib boradi.
Tashkilotning Falastin bo‘yicha hisoboti keskin ohangda bo‘lgan. «G‘azo sektori: ochlik muqarrar. 1,1 million odam, ya’ni G‘azo aholisining yarmi oziq-ovqat yetishmovchiligidan jiddiy aziyat chekmoqda», deyiladi xususan hujjatda.
Unda aytilishicha, G‘azoda otashkesim o‘rnatilmasa, vaziyat hozirgiday qoladigan bo‘lsa, keyingi 8 haftada bo‘lgada chinakam ochlik hukmron bo‘ladi.
BBC'ning yozishicha, Isroil hujumlaridan keyin ham ishlashda davom etayotgan kam sonli kasalxonalarga farzandini olib borishga muvaffaq bo‘lgan ota-onalar uchun vaziyatni anglash uchun hech qanday statistikaning keragi yo‘q. Ular farzandlari ko‘z o‘ngida ozib borayotganini ko‘rib turishibdi.
Ochlik ezayotgan bolalar
G‘azo hozir kasal bo‘ladigan joy emas. BBC uchun frilanser sifatida ishlayotgan falastinlik jurnalist deyarli behush holatdagi qizning onasi bilan gaplashdi. Qizning o‘pkasi va jigari og‘ir betob va bunday kasalliklar tinch vaqtda ham o‘limga olib kelishi mumkin. Urush boshlangandan keyin boshlangan ochlik sabab qizning ahvoli og‘irlashgan.
«Qizim harakatlana olmaydi. Unda animiya bor, doim uxlaydi. Yeyishga esa hech vaqo yo‘q», deydi jurnalist bilan suhbatda ona. Jurnalist Noorani onasi bir amallab kasalxonaga olib kelishga muvaffaq bo‘lganiga e’tibor qaratgan. Hozirgi vaqtda kasalxonaga joylashish oson ish emas.
«Biz e’lon qilgan suratlarda bolalarning bo‘g‘imlari shishgani, oyoq-qo‘llarida dermatitlari borligi ko‘ringan. Bu ochlikning yaqqol asoratlaridir», deyiladi BBC maqolasida.
Isroil hech kimga quloq solmayapti, AQShga ham
Ma’lumot uchun, Isroil BMTning hatto asosiy ittifoqchisi AQSh veto qo‘ymagan o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiyasini ham pisand qilmadi. Isroil iqtisodiyot vaziri Nir Barkatning aytishicha, hech kim mamlakatning HAMASni yo‘q qilish rejasiga qarshilik qila olmaydi. Vazir jurnalistlar bilan uchrashuvda Isroilning barcha ittifoqchilari bu rejasini qo‘llashini aytgan.
BBC'ning Quddusda ishlayotgan jurnalisti Jyeremi Bouen esa hatto Jo Bayden Isroilni tanqid qilgani haqida so‘raganda esa isroillik vazir javob berishni istamadi.
BMT inson huquqlari bo‘yicha komissari isroillik vazirning gaplariga javob berar ekan, avvalo mavjud bo‘lgan xalqaro konsensusga amal qilish va tezda o‘t ochish kerakligini aytdi.
Mavzuga oid
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
19:01 / 19.11.2024