Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: dunyoda bir milliard odamning to‘rtdan uch qismi ochlikdan aziyat chekmoqda
BMTning besh agentligi qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda och qolganlar soni 735 million kishini tashkil qilgan. Eng qiyin vaziyat Afrikada.
Foto: pbs.org
So‘nggi yetti yil ichida birinchi marta dunyoda och qolganlar soni yillik nisbatda ko‘paymadi. Ammo Afrika, G‘arbiy Osiyo va Karib havzasidagi ayrim hududlarning ko‘rsatkichlari yomonlashgan. Bu BMT besh agentligining 12 iyul, chorshanba kuni Jyenevada taqdim etilgan «Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish darajasi» (The State of Food Security and Nutrition in the World) nomli hisobotida aytilgan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda och qolganlar soni qariyb 735 million kishini tashkil etgan, bu o‘tgan yildan 3,8 million kishiga kamdir. Biroq, Afrika, G‘arbiy Osiyo va Karib havzasida ochlik muammosi og‘irlashayotganiga ishora qilgan BMT ekspertlari «mamnun bo‘lish uchun hech qanday sabab yo‘q» deb ogohlantirdi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda 2,4 milliard odam yoki dunyo aholisining 29,6 foizi oziq-ovqat mahsulotlaridan barqaror foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Ularning fikricha, agar bu tendensiya davom etsa, 2030 yilgacha sayyorada ocharchilikka barham berish maqsadiga erishib bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti salbiy rivojlanishga koronavirus pandemiyasi, davriy tabiiy ofatlar, shuningdek, Ukrainadagi urush kabi qurolli mojarolarni sabab deb hisoblaydi.
Eng yomon ahvol Afrikada. Hisobotga ko‘ra, u yerda har beshinchi odam ochlikka duch kelmoqda. Bu ko‘rsatkich jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki barobar yuqori. Ayni paytda, Osiyo va Lotin Amerikasida mutaxassislar ba’zi yaxshilanishni qayd etdi.
Shu bilan birga, 2022 yilda dunyoda 5 yoshgacha bo‘lgan 148 million bola to‘yib ovqatlanmaslik tufayli rivojlanish nuqsonlaridan aziyat chekkan, 37 million bola esa ortiqcha vaznga duch kelgan.
Mavzuga oid
09:45 / 08.04.2026
Rossiya va Xitoy Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini to‘sdi
22:12 / 17.03.2026
BMT Erondagi urush tufayli dunyoda rekord darajadagi ocharchilik haqida ogohlantirdi
13:27 / 14.03.2026
Tramp Putinning Erondan uranni Rossiyaga olib chiqish haqidagi g‘oyasini rad etdi
21:19 / 12.03.2026