21:48 / 09.07.2020
4697
Avraam Linkolnni kiyintirgan 200 yillik tarixga ega brend bankrot bo‘ldi

AQShning uzoq yillik tarixga ega kompaniyalaridan biri Brooks Brothers bankrotga uchradi. 202 yil davomida ushbu brend AQSh elitasini kiyintirgan. Bugungi kunda kompaniya qarzi yarim milliard dollarga yetgan.

Erkaklar kiyimi ishlab chiqaruvchi brend bankrotlik jarayonini boshlagan. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Delaver shtati sudiga kompaniya nomidan kreditorlardan himoyalash haqida ariza tushgan.

Brooks Brothers 1818 yilda oilaviy biznes sifatida tashkil topgan. Hozirgi davrgacha kompaniya AQShning eng boobro‘ kishilari – siyosatchilar, Hollivud yulduzlari, yirik biznesmenlar, sportchilarni kiyintirgan. AQSh prezidentlari Avraam Linkoln, Teodor Ruzvelt, Franklin Ruzvelt, Jon Kennedi, Richard Nikson, Jyerald Ford, Katta Jorj Bush, Bill Klinton, Barak Obama o‘z vaqtida kompaniya mijozlari bo‘lgan.

Shuningdek, Brooks Brothers kostyumlarini tez-tez filmlarda uchratish mumkin bo‘lgan, uni Ben Afflek, Uill Smit, Denzel Vashington, Jorj Kluni kabi aktyorlar qahramonlari kiygan.

Brooks Brothers ko‘plab kompaniyalar kabi koronavirus pandemiyasi vaqtida moliyaviy qiyinchiliklarni his qila boshlagan. Karantin vaqtida kompaniya mahsulotlariga talab tushib ketgan.  

Hozirgi kunda kompaniya qarzi 500 mln dollarni tashkil qilmoqda. Kompaniya korxonalarida 4 mingga yaqin kishi ishlaydi.

Top