13:41 / 11.07.2020
15802
OAV: Qirg‘izistonda koronavirusga qarshi kurash vositalari bozor narxidan karrasiga qimmatga sotib olinmoqda

Qirg‘izistonning «PolitKlinika» nashri surishtiruv o‘tkazib, hukumatning tibbiy niqoblar va shaxsiy himoya vositalarini davlat tenderi orqali bozor qiymatidan bir necha barobar qimmat narxda sotib olganini aniqladi.

Foto: april.kg

Kaktus.media nashri qirg‘iz tilida e'lon qilingan maqolani rus tilida taqdim etdi.

Himoya kostyumlari, niqoblar, o‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari pandemiya davrida juda kerakli va tanqis tovarga aylandi. Biroq Qirg‘iziston davlat idoralari ularni bozor qiymatidan yuqori narxlarda sotib olmoqda.

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, Jahon banki Qirg‘izistonga 60,5 mln dollar miqdorida kredit ajrtgan, ulardan 6 mln dollari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq tibbiy vositalar va uskunlarni sotib olish uchun sarflangan. Osiyo taraqqiyot banki esa mamlakatga 41 mln dollar miqdorida grant va 94 mln dollar miqdorida kredit ajratgan. Ulardan 20 mln dollari koronavirus pandemiyasi bilan kurashga sarflangan.

Umumiy hisobda xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan Qirg‘izistonga ajratilgan grant miqdori 165,8 mln dollarni, kreditlar esa 461,5 mln dollarni tashkil qiladi.

«PolitKlinika» nashri 2020 yilning yanvar – may oylarida o‘tkazilgan davlat xaridlarini tahlil qilib, korrupsiya ehtimoli bo‘lgan holatlarga e'tibor qaratadi.

Jumladan, davlat xaridlari jarayonida 443ta manfaatdor tashkilot ishtirok etgan. Tenderlarda qatnashgan kompaniyalarning 34 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga aloqador bo‘lmagan sub'yektlardir. Misol uchun, «Axmad stroy» qurilish kompaniyasi respirator-niqoblarning lotini yutib olgan. «Gorizont Tur» turizm kompaniyasi dezinfeksiya va shaxsiy himoya vositalarini sotib olish tenderida g‘olib bo‘lgan. «Event M» ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish kompaniyasi esa niqoblar tenderida yutib chiqqan.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan tenderlarni 234ta davlat idorasi o‘tkazgan bo‘lsa, ulardan eng ko‘pi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Milliy gospital hisobiga to‘g‘ri kelmoqda – 21,3 mln som (273 ming dollar).

Davlat xaridlari departamenti saytidagi ma'lumotlar tahlil qilinganida, ba'zi tovarlarning xarid qiymati bozor narxlaridan 10 barobar yuqori ekani aniqlangan.

Misol uchun, shaxsiy himoya vositalarinining 500ta komplekti 3 mln somga sotib olingan. Ya'ni har bir komplekt uchun 6 ming som sarflangan. Boshqa bir lotda esa xuddi shu vositalar 2,5 ming somga sotib olingan. Ammo Bishkek shahri bozorlaridagi narxlar bilan taqqoslanganda, shaxsiy himoya vositalari komplektining narxi 2 ming som atrofida ekani ma'lum bo‘ladi.

FFP3 respirator niqoblarining har biriga 300-400 som atrofida mablag‘ sarflangan. Bozorda esa ularning qiymati 30-150 som ekani ta'kidlanmoqda. Bir marta ishlatiladigan uch qavatli oddiy niqoblarning har biri 25 somga sotib olingan. Bozorda esa ularni 10 somga sotib olish mumkin.

O‘pkani sun'iy shamollatish apparatlarining har biriga 2,5 mln som sarflangan. Qirg‘izistondagi internet do‘konlarida esa bunday apparatlarni 1 mln somga sotib olish mumkin.

«PolitKlinika» nashri tenderlarda g‘olib chiqqan ba'zi kompaniyalar taniqli siyosatchilar va davlat mulozimlariga aloqadorligini ta'kidlamoqda.

Jumladan, «Favorit-Servis» kompaniyasi 28ta tenderdan 11tasida g‘olib chiqqan. Uning rahbari «Birimdik» partiyasi ta'sischilaridan biri Indira Sadikova hisoblanadi.

«Farvater» kompaniyasi rahbari Jantoro Turdubayev esa «Togotoy» do‘stlik hamjamiyati ta'sischilaridan biridir. Ta'sischilar ichida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Jakipbek Bayimbetov ham borligi ta'kidlanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top