07:43 / 13.07.2020
8729
AQShning desant kemasida yong‘in va portlash yuz berdi

AQShning USS Bonhomme Richard desant kemasida yong‘in chiqdi va portlash yuz berdi. Kema hozirda San-Diyegodagi harbiy bazada qolmoqda. 

AQShning harbiy-dengiz kuchlari ko‘mondonligi yong‘in oqibatida 18 kishi jabrlangani, ularning jarohatlari xavfli emasligini ma'lum qilgan. Yong‘in vaqtida kema bortida 160 ga yaqin harbiy bo‘lgan. Ularning barchasi evakuatsiya qilingan

Yong‘in mahalliy vaqt bilan 12 iyul soat 8:30da boshlangan. Yong‘inni o‘chirishda mahalliy o‘t o‘chiruvchilar hamda harbiy baza va kema jamoasi ishtirok etgan. Ta'kidlanishicha, yong‘inni o‘chirishga bir necha kun talab qilinishi mumkin. Hozirda kemada o‘t o‘chiruvchilar qolib, uni o‘chirishni davom ettirmoqda.  

The New York Times nashrining xabar berishicha, yong‘in boshlangandan keyin kemada portlash yuz bergan. Hozircha yong‘in va portlash sababi noma'lumligicha qolmoqda. Biroq dastlabki taxminga ko‘ra, yong‘in suvga kichik desant katerlari chiqishi uchun xizmat qiluvchi palubada boshlangan. 

USS Bonhomme Richard kemasi Wasp sinfidagi universal kema bo‘lib, qurollanishga 1998 yilda olingan. Uning jamoasi odatda 102 zobit va mingdan ko‘proq dengizchidan iborat bo‘ladi. Biroq joriy vaziyatda kemaga texnik xizmat ko‘rsatilayotgani sababli unda kamroq odam bo‘lgan.

Kema uzunligi 250 metrni, suv sig‘imdorligi 28 ming tonnadan ko‘proqni tashkil qiladi. Kema zenit-raketa qurilmalari va vertolyotlar uchishi palubasi bilan jihozlangan. Kema harbiylardan tashqari, vertolyotlar, katerlar va transport vositalari-amfibiyalarni tashiy oladi.

Top