08:12 / 21.07.2020
5728
Restoran va kafelarga yondosh hududlarda yengil konstruksiyalar joylashtirish choralari ishlab chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub'yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Yangi tartibga muvofiq, 2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali iste'molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi.

Qayd etib o‘tish lozimki, ayni paytda umumiy ovqatlanish korxonalari iste'molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni joylashtirishning aniq tartibi mavjud emas, — deyiladi farmonga sharhda.

Karantin normalariga rioya qilish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalar binolarga tutash bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarini vaqtinchalik foydalanish uchun berish taklif qilingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12,6 mingdan ziyod umumiy ovqatlanish korxonalari o‘zlariga tutash hududlarda yengil konstruksiyalardan foydalanish huquqidan foydalanmoqda.

Restoran biznesi vakillari bilan ishchi uchrashuvlar mobaynida ular tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida iste'molchilarga xizmat ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalardan tekin foydalanishga ruxsat berish taklifi bildirilgan.

Shu nuqtayi nazardan, xorijiy davlatlar (masalan, Moskva shahri) tajribasidan kelib chiqib, shaharning arxitekturaviy qiyofasiga mosligi va ekologik talablarga javob berishi, qo‘shnilar va ekspluatatsion xizmatlar manfaatiga rioya qilishni hisobga olgan holda yengil konstruksiyalarni joylashtirishning vaqtinchalik choralari ishlab chiqilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top