O‘zbekistonda kafe va restoranlarning kechki soat 20:00dan keyin ishlashiga taqiq saqlanib qolmoqda. 40 kun oldin joriy etilgan cheklov mazkur sektordagi tadbirkorlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda. Ustiga-ustak, yopiq binolarda ishlash ham taqiqlandi.

Orada deputatlar xodimlarini yetarli miqdorda emlagan kafe va restoranlarga nisbatan karantin talablarini yumshatishni taklif qildi, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi ham shunga o‘xshash yangilik kutilayotganini bildirdi.

Biroq bu takliflar respublika Maxsus komissiyasi tomonidan hozircha inobatga olinmayapti.

Kuni kecha Kun.uz'ga murojaat qilgan umumiy ovqatlanish sektori vakillari vaqt o‘tgani sayin ularning iqtisodiy holati yomonlashayotganini ma'lum qildi.

Ularning aytishicha, cheklovlar olib tashlanmasa, umumiy ovqatlanish sohasiga o‘nglash qiyin bo‘lgan zarar yetadi. Hozirda sohadagi ko‘plab ishchi-xodimlarga ishsiz qolish ehtimoli xavf solmoqda.

“Cavdo 80 foizga tushib ketgan”

Sanjar Maqsudov, tadbirkor, O‘zbekiston restoratorlar gildiyasi rahbari:

— Ikkita restoranim va bitta kafem bor, bundan tashqari ishlab chiqarish korxonasiga ham egalik qilaman. Bizda jami 200ga yaqin xodim ishlaydi.

Karantin cheklovlari umumiy ovqatlanish sohasiga juda yomon ta'sir qilyapti. Juda ko‘p kafe va restoranlar yo yopilgan, yoki qisqargan rejimda ishlayapti. Savdo 80 foizga tushib ketgan. Biroq ijara va boshqa to‘lovlar kamaygani yo‘q. To‘lovlarni to‘lash juda og‘ir bo‘lyapti.

Ishchilarni yo ushlab turish, yo bo‘lmasa qo‘yib yuborish kerak. Bizning sohada juda ko‘p odam ishlaydi. Daromadimizning 40 foizi oylikka ketadi.

Toshkentning o‘zida 100 mingdan ortiq, respublika bo‘yicha esa 2 mlnga yaqin odam bevosita umumiy ovqatlanish tarmog‘i va unga aloqador sohalarda ishlaydi. Ularga ish o‘rgatishimiz uchun vaqt ketgan, endi ularni qo‘yib yuborish ham, hozirgi holatini ko‘rish ham biz uchun og‘ir.