17:56 / 22.07.2020
2927
11 yillik ta'lim tizimiga o‘tilgach, o‘quvchilar o‘rtasidagi jinoyatchilik 2,5 barobarga kamaygani ma'lum qilindi

Xalq ta'limi vazirligining xabar berishicha, 12 yillik ta'lim tizimidan 11 yillik tizimga qaytilgani tufayli o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2,5 barobarga kamaygan.

«2017 yildan e'tiboran mamlakatimizda to‘liq 9+3=12 yillik ta'lim tizimidan 11 yillik o‘qishga o‘tildi. Natijada, maktab va kollej o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 2,5 barobarga kamayishiga erishildi. Shu bilan birga, ko‘pchilik ota-onalar tomonidan bu qaror to‘g‘ri qaror ekanligi e'tirof etildi.

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 9 942 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 6,2 mln. nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ularga 481 ming nafar o‘qituvchi ta'lim-tarbiya berib kelmoqda.

Umumta'lim maktablarida o‘quvchilar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli g‘ayriijtimoiy hatti-xarakatlarning oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, bugun xalq ta'limi sohasida tarbiyasi og‘ir, huquqbuzarlik sodir etishga moyil o‘quvchilar bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

«Davomat», «O‘quvchi» tadbirlari maktabga muntazam kelmayotgan o‘quvchilarni maktabga qaytarish choralarini ko‘rish maqsadida joriy etilgan» deyiladi XTV axborot xizmatining xabarida.

Qayd etilishicha, g‘ayriijtimoiy hatti-xarakatlarni sodir etishga moyil bo‘lgan o‘quvchilarni maktabning ichki nazoratiga olinishi tizimining mavjudligi bunday kategoriyadagi o‘quvchilar tomonidan keyinchalik jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda foydali bo‘lmoqda.

«So‘nggi yillar davomida umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilgan jinoyatchilikning koeffisenti tahlil qilinganda 2016 yilda har 10 ming nafar o‘quvchidan 0,9 nafari jinoyat sodir etgan, 2017 yilda ushbu ko‘rsatgich 0,8 o‘quvchi, 2018 yilga kelib 0,8 o‘quvchini tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilning 12 oyi holatiga 0,7 o‘quvchini tashkil qildi.

Kasb-hunar ta'limi tizimidaga holatni tahlil qiladigan bo‘lsak mazkur ko‘rsatkich 2016 yilda — 10 o‘quvchi, 2017 yilda— 10, 2018 yilda— 9, 2019 yilda— 8 ni tashkil qilgan.

Mamlakatimizda 11 yillik ta'limning qayta tiklanishi natijasida respublikada jami voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning koeffisenti 2016 yilda — 2,4 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda mazkur ko‘rsatgich 1,0 ni tashkil etdi. Mazkur holat 11 yillik ta'lim tizimiga qaytish qarori to‘g‘ri bo‘lganligining yorqin isboti sifatida xizmat qiladi.

Solishtirish uchun, 2019 yilning yakuni holatiga mazkur ko‘rsatgich AQShda — 44,7 o‘quvchi, Rossiya Federatsiyasida — 23,7 o‘quvchi Qozog‘istonda — 7,6 o‘quvchi, Tojikistonda — 3,6 o‘quvchini tashkil qilgan», deya XTV axborot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top