13:26 / 22.07.2020
2130
Pasport olishga ulgurmagan 2 mingga yaqin abituriyentga maxsus ma'lumotlar tayyorlab berildi

Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov AOKAda o‘tkazilgan brifingda pasport muammosi tufayli ro‘yxatdan o‘ta olmay qolgan abituriyentlar yo‘qligi ma'lum qilindi.

«Ro‘yxatdan o‘tishning oxirgi kunlarida kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, 16 ming nafarga yaqin abituriyent fuqarolik pasporti olish uchun hujjat topshirgan. Ularning 14 mingdan ortig‘iga pasportlar yetkazilgani to‘g‘risida mas'ullar tomonidan ma'lumot berildi», deya ta'kidladi DTM rasmiysi.

Qayd etilishicha, 2 mingga yaqin abituriyentning pasport olishga ulgurmasligi aniq bo‘lgach, ularga pasportning o‘rniga Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari tomonidan 03-shakl (oldingi 09-shakl) ma'lumotnomalar berildi.

«Ular OTMlarning qabul komissiyalari orqali hujjat topshirgan. O‘qishga kirish niyatida bo‘lgan, lekin pasport muammosi tufayli hujjat topshira olmay qolgan abituriyentlar yo‘q», dedi Diyorbek Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, DTM 09-shakl ma'lumotnoma orqali ro‘yxatdan o‘tish faqatgina kirish imtihonlariga qabul jarayonlariga taalluqli ekani, abituriyentlarga test sinovlari boshlangunga qadar fuqarolik pasportini olish tavsiya etilgandi. Fuqarolik pasportisiz esa abituriyentga test sinovlariga kirishga ruxsat berilmasligi ma'lum qilingan.

Bundan avvalroq bu yilgi eng yosh abituriyent 13 yoshda ekani xabar qilingandi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top