08:17 / 24.07.2020
1538
MDHda 2030 yilgacha atom energiyasi sohasida hamkorlik dasturi loyihasi tayyorlandi

MDH davlatlari 2030 yilgacha atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik dasturini qabul qilishni rejalashtirmoqda.

2020 yilning 22 iyul kuni Moskva shahrida O‘zbekiston raisligida MDH Iqtisodiy kengashi qoshidagi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyaning majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda MDH ishtirokchi mamlakatlarining vakolatli vakillari hamda tegishli diplomatik missiyalar va MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq 21ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Majlis davomida «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 2020 yilgacha bo‘lgan davrda Iqtisodiy rivojlanish strategiyasi amalga oshirilishining asosiy yakunlari to‘g‘risida va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021-2025 yillar) amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasi loyihasi to‘g‘risida», «MDH ishtirokchi mamlakatlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi davlatlararo innovatsion hamkorlik dasturi loyihasi to‘g‘risida», «MDH ishtirokchi mamlakatlarining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasidagi axborot hamkorligi haqidagi bitim loyihasi to‘g‘risida»gi dasturiy hujjatlar muhokama qilindi va tasdiqlandi.

MDH ishtirokchi mamlakatlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi Hamkorlik dasturi va uning birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi (2021-2025 yillar) loyihalari hamda boshqa qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Komissiya tomonidan tasdiqlangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiy kengash va MDH Hukumat rahbarlari kengashiga yuboriladi.

Top