12:06 / 28.07.2020
21517
Kun.uz'da yangi loyiha. Ilk suhbatdosh – Visente del Boske

Kun.uz yangi loyiha boshladi. Unda muxlislarga ispan futboliga oid qiziqarli ko‘rsatuvlarni taqdim etib boramiz. Loyihaning ilk sonida Ispaniya milliy jamosi bilan jahon va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan, «Real»ni YeChL chempionligiga olib borgan, dunyo futbolining afsonaviy murabbiyi Visente del Boske bilan suhbatlashdik. Murabbiy vaqt ajratib bizning savollarimizga javob berdi.

«Real» bu mavsumda qanday chempion bo‘ldi?

Umrining 30 yilini «Real» klubiga bag‘ishlagan del Boske bilan suhbatimizni tabiiyki «Real» haqidagi savol bilan boshladik. Murabbiy sobiq jamoasi joriy mavsumda qanday qilib chempionlikni qo‘lga kiritgani haqida gapirdi: «La Ligani pandemiyadan oldingi va keyingi davrga bo‘lish mumkin. «Real» restartdan keyin 10ta o‘yinda g‘alaba qozonib, haqli tarzda chempion bo‘ldi», deb qisqagina javob berdi murabbiy shogirdi Zidan murabbiyligidagi jamoa chempionligiga.

Foto: Reuters

Visente del Boske faoliyati davomida milliy jamoadagi ishidan ko‘proq mamnun bo‘lganmi yoki klubdagi faoliyatidanmi? Bu haqda murabbiy shunday dedi: «Futbolchilik faoliyatimni yakunlagach, butun umrimni «Real»da bolalar murabbiyi bo‘lib o‘tkazsam kerak, deb o‘ylardim. Ochig‘i, boshida o‘zimni professional murabbiy sifatida tasavvur qilolmasdim. Kutilmaganda «Real» bosh murabbiyi iste'foga chiqarildi va men vaqtincha murabbiy bo‘ldim. Bolalar futbolida 7 yil davomida yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishdim deb o‘ylayman. Professinal murabbiylikda ham 4 yil «Real»da, 1 yil «Beshiktosh»da, 8 yil milliy jamoada yomon ishlamadim. Mendan siz yaxshi futbolchi bo‘lganmisiz yoki yaxshi murabbiy deb so‘rashsa, shubhasiz, yaxshi futbolchi deb javob beraman», dedi murabbiy.

Ispan murabbiylari evolyutsiyasi

Del Boske milliy jamoa va klub murabbiyi bo‘lishning farqini tushuntirdi: «Milliy jamoada futbolchilar juda qisqa vaqt davomida bizning ixtiyorimizda bo‘lishadi. Qisqa vaqtda ularni klubdagi kabi tayyorlashimiz kerak bo‘ladi. Birinchidan, milliy jamoada futbolchilar bilan shaxsiy munosabatni yo‘lga qo‘yish kerak, ikkinchidan ahil jamoani shakllantirish ham muhim. Milliy jamoaga qaysi klubdan ko‘proq futbolchi kelgani ham ahamiyatli. Chunki tayyorgarlik jarayonida qaysi klubdan futbolchi ko‘p bo‘lsa, shundan kelib chiqib reja ishlab chiqilishi mumkin.

Ko‘pchilik milliy jamoaga o‘sha vaqtda eng yaxshi sport formasida bo‘lgan futbolchilar chaqirilishi kerak deb o‘ylaydi, lekin bu fikrga qo‘shila olmayman. Chunki milliy jamoada davomiylik bo‘lishi kerak. Har yig‘inga har xil futbolchilar kelaversa, yakdil jamoa yig‘ish qiyin bo‘ladi», deydi Visente del Boske.

Foto: El Confidencial

APLda sanoqli ingliz murabbiylar ishlayotgan bir vaqtda La Ligada 15-17 nafar mahalliy murabbiy ishlamoqda. Ispan murabbiylar bugun dunyoning ko‘plab kuchli chempionatlarida muvaffaqiyatli ishlamoqda. Del Boske ispan murabbiylarining ustunliklari haqida gapirdi: «Ispaniya futbol federatsiyasida murabbiylar tayyorlash juda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Bugun Ispaniyaning yuqori divizionidan boshlab quyi ligalarigacha ispan murabbiylarining dastxatini ko‘rish mumkin va bu juda yaxshi. Oldinlari ispan murabbiylar xorijda ishlashmasdi, lekin oxirgi yillarda Xosep Gvardiola, Kiki Sanches Flores, Xulen Lopetegi, Rafael Benites kabi murabbiylar xorijda ham yaxshi natijalar qayd etishdi».

Del Boske Osiyo hamda Yevropa futboli o‘rtasidagi farqni qisqa va aniq qilib tushuntirib berdi: «Hozir futbol rivojlanmoqda va uni mintaqalarga ajratish kerak emas deb o‘ylayman. Osiyolik futbolchilar jismoniy va texnik jihatdan yevropalik futbolchilardan qolishmasligi mumkin, lekin ular o‘yinni tushunish va taktika borasida yevropalik futbolchilardan biroz orqada. Ammo bu farq futboldagi globallashuv fonida kamayib bormoqda».

Ispaniya qanday qilib dunyo futboli gegemoniga aylandi?

2008 yildan boshlab Ispaniya futboli dunyoda gegemonga aylandi. Del Boske bu qanday sodir bo‘lganini tushuntirdi: «Bunga ko‘p omillarni sabab qilib keltirish mumkin. Xususan, oldinroq gaplashganimiz murabbiylar tayyorlashni. Ispan murabbiylarining xorijda ishlashi bizga yordam berdi. O‘zi murabbiylikda hech qanday chegara bo‘lmasligi kerak. Masalan, mening murabbiy bo‘lishimga yugoslaviyalik murabbiylar sababchi bo‘lishgan. Ispaniya futbolining rivojlanishida tashkiliy masalalar, shifokorlar, fizioterapevtlar va boshqa omillarni ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi yig‘ilib Ispaniyada ajoyib futbol madaniyatini shakllandi. Natijada 2008 yil Luis Aragunes boshchiligida yuksak texnikali futbolchilardan iborat milliy jamoa tuzildi».

Del Boske «Real» va «Barselona» futbolchilarini qanday qilib bitta ahil jamoada birlashtira olganini tushuntirdi: «Bilasizmi, bu ikki jamoaning raqobatidan ispan futboli faqat yutdi. Ular milliy jamoaga kelganda milliy jamoa manfaati uchun raqiblikni unutishi kerakligini, milliy jamoaning g‘alabasi hamma uchun foydali bo‘lishini tushuntirishga urindik va ko‘p hollarda buni uddaladik».

Visente del Boskening aytishicha, milliy jamoaga bir jamoadan ko‘proq futbolchining chaqirilishi juda yaxshi. Chunki ular ishtirokida jamoaviy o‘yinni shakllantirish oson kechadi: «Bu juda yaxshi, chunki ular milliy jamoaga tayyor holda keladi. «Barselona», «Real», «Atletiko», «Valensiya» kabi klublarda futbolchilarning texnikasi va darajasi bir-biriga yaqin bo‘ladi. Grand jamoalar hujum qilayotganda kichik bo‘sh zonalarga hujum qilishga, himoyalanayotganda esa katta hududni himoyalashga odatlangan bo‘ladilar. O‘yin vaqtidagi 4-4-2 kabi sxemalarni rasmlardagina ko‘rishimiz mumkin, maydonda esa ular o‘zgarib boradi.

Grand jamoalar qattiq himoyalanadigan jamoalarga qarshi o‘ynashga odatlangan bo‘lishadi, maqsad – qanday qilib bo‘lsa ham himoyani yorib o‘tish. Shu sabab katta jamoalar futbolchilarining darajasi bir-biriga yaqin bo‘ladi. Bir klub futbolchilarining milliy jamoa asosi bo‘lishi bizning o‘yin qurishimiz uchun qulay edi. Futbolda taktik bilimlar juda muhim usiz o‘yin tuzib bo‘lmaydi. O‘z navbatida ahil jamoa tuzish eng murakkab jarayon. Men ajoyib va eng zo‘r futbolchilar avlodini boshqarish baxtiga muyassar bo‘lganim uchun bu borada muammoga duch kelmaganman», deydi murabbiy.

Hujumchisiz gollar yog‘dirish san'ati

Ispaniya 2012 yil Yevropa chempionatida deyarli sof hujumchisiz o‘ynab, chempion bo‘lganini eslasangiz kerak. Murabbiy faoliyatidagi taktik o‘zgarishlar haqida gapirib berdi: «Faoliyatim davomida ko‘plab taktik uslublarni qo‘llaganman. Masalan, «Real» bilan «MYu»ga qarshi o‘ynaganimizda. O‘shanda ularda chap qanotda Giggz, o‘ng qanotda adashmasam, Bekhem o‘ynagan. Ular o‘z qanotidan ko‘p hujum qilishardi. O‘shanda uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynab, g‘alaba qozonganmiz. 2000 yil «Valensiya»ga qarshi YeChL finalida ham taktik o‘zgarishlar sabab g‘alabaga erishganmiz. Ba'zan men ham 4-4-2 taktikasidan foydalanganman.

Sof hujumchisiz ham o‘ynaganman. Ispaniyada Vilya va Torressiz o‘ynagan o‘yinlarimiz eng yaxshilari bo‘lgan. Masalan, 2012 yilgi Yevropa chempionati. O‘shanda bizda hujumchi rolida Inesta, David Silva va Fabregas paydo bo‘lardi. Ularda aniq pozitsiyaning o‘zi yo‘q edi. Biz hujumchisiz o‘ynaganda ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lardik. O‘shanda sof hujumchisiz g‘alaba qozonmaganimizda qanday tanqid qilishlarini tasavvur qilavering».

Foto: FIFA

Ispaniya 2010 yilgi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgani yodingizda. O‘shanda «Qizil furiya» musobaqani Shveytsariyaga qarshi mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Murabbiy o‘sha birinchi o‘yindan keyin nimalar bo‘lganini tushuntirdi: «Biz saralashning barcha 10 o‘yinida g‘alaba qozondik va dunyo bizning uslubimizni tan oldi. Birinchi o‘yindan keyin ko‘p o‘yladim, qayerda xato qilayotganimni tahlil qildim. Yigitlar bilan o‘yindan keyin vaziyatlarni tahlil qildik va 9ta golli vaziyatdan foydalana olmaganimizni sanadik. Futbolchilarga barchasi kutilmagan natija bo‘lganini tushuntirdim va ularga ishonchimni ko‘rsatish uchun ikkinchi o‘yinda faqat bitta o‘zgarish qildim. Agar o‘shanda 6ta o‘zgarish qilganimda futbolchilarda ishonchsizlik uyg‘ongandek bo‘lishi mumkin edi. Men faqat David Silva o‘rniga Fernando Torresni tushirdim. Bundan tashqari Inesta jarohat sabab ikkinchi o‘yinni o‘tkazib yuborgandi».

Futboldagi katta evolyutsiyalardan birida shaxsan qatnashgan maestro del Boske futbolni kelajakda kutayotgan evolyutsiyalar haqida gapirdi: «Hozir futbolda darvozabonlarning oyoq bilan o‘ynashi rivojlanib bormoqda. Hujumni aynan darvozabon boshlashiga ko‘p e'tibor berilmoqda. Shuningdek, qanot himoyachilarinng o‘rni oshib bormoqda. Bundan tashqari raqib jarima maydonchasiga kirib borish uchun kamroq to‘pga teginishga e'tibor berishmoqda. O‘ylashimcha, mana shu uch yo‘nalishda evolyutsiya davom etadi».

O‘zbekistonga tavsiyalar

O‘zbekiston milliy jamoasi hali jahon chempionatiga chiqmagan. Bu musobaqada ikki marta qatnashib, bir marta chempion bo‘lgan del Boske mundialga chiqish uchun nima qilish kerakligi haqida fikr bildirdi: «Bu uchun avvalo yaxshi murabbiylar tarbiyalanishi kerak. O‘z navbatida ular kuchli futbolchilarni tarbiyalaydi. Shuningdek, kuchli futbol mamlakatlarining tajribasini o‘rganib, ko‘r-ko‘rona ko‘chirmagan holda ulardan namuna olish orqali o‘z uslubini ishlab chiqish kerak. Futbolni rivojlantirishning yagona «sehrli formulasi» mavjud emas. Bu uchun ishni bolalar futbolidan boshlash kerak», deydi del Boske.

Foto: KUN.UZ
Visente del Boske

Del Boske bilan suhbatlashib, undan Florentino Peres haqida so‘ramaslik mumkinmi? Yo‘q, albatta. Del Boske o‘z vaqtida u bilan birga ishlagan Peres haqida gapirdi: «Peres «Real»ning har qanday rahbarlari kabi klubni rivojlantirishga harakat qilmoqda. U bu borada katta muvaffaqiyat qozongan. Men 30 yildan uzoqroq «Real»da ishladim, shu bois bu jamoa haqida yomon fikr bildira olmayman».

Top