22:54 / 29.07.2020
2331
O‘rta Chirchiqdagi gazobeton korxonasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Toshkent va Nurafshon shaharlaridagi qurilishlarda ishlatilmoqda

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘rta Chirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Tashkent City hamda Nurafshon Smart City majmualaridagi qurilishlarda ishlatilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘rta Chirchiq tumanidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi 2019 yil noyabr oyida boshlagan bo‘lib, bu yerda 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxonada qurilishda foydalanish uchun pishiq g‘isht o‘rnini bosuvchi, issiqlik va sovuqlikka chidamli zamonaviy hisoblangan gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorga yetkazib berilyapti.

«O‘tgan yili noyabr va dekabr oylarida korxona 1 milliard so‘mli mahsulot ishlab chiqargan. 2020 yilning o‘tgan 6 oyi davomida esa 7000 metr kub yoki 3,8 milliard so‘mlik gazobeton mahsuloti tayyorlagan.

Korxona bir yilda 110 ming kub metr yoki 55 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan gazobetonlar Tashkent City hamda Nurafshon Smart City qurili shida ishlatilmoqda. Kelgusida ularni eksportga, ya'ni Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlariga jo‘natish ham rejalashtirilgan», deyiladi viloyat hokimligining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotida.

Xitoylik investorlar tomonidan mazkur loyihaga 6 million 300 ming dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirilgan. Gazobeton ishlab chiqaruvchi maxsus texnikalar Xitoydan olib kelingan. Korxonada ish to‘liq karantin qoidalari asosida olib borilmoqda. Har kuni ishchilarga qo‘lqop va tibbiy niqoblar tarqatilyapti. Shuningdek, ishchi-xizmatchilar 3 mahal issiq ovqat bilan ham ta'minlangan.

Top