21:52 / 04.08.2020
50416
Rossiya va Qozog‘iston chegarasida migrantlar ishtirokida mojaro sodir bo‘lgani xabar qilindi

Xabar qilinishicha, Samara oblastida chegara yonida Qozog‘iston orqali uyiga qaytishga urinayotgan O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan bir necha yuz migrant to‘plangan.

Foto: stalbatros / Twitter

Samara oblastida, Qozog‘iston bilan chegarada markaziy osiyolik migrantlarning Rosgvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvi yuz berdi, deb xabar berdi Mash Telegram-kanali.

Xabar qilinishicha, Samara oblastida chegara yonida Qozog‘iston orqali uyiga qaytishga urinayotgan O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan bir necha yuz migrant to‘plangan. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli Qozog‘iston chegarasi yopiq bo‘lib, chegara oldida to‘planganlar chodirli lagerda yashamoqda.

Telegram-kanalning yozishicha, migrantlar chegarani kesib o‘tishga uringan. Mash bir necha yuz kishi yo‘lda ketayotgani, libosli odamlar esa ularni to‘xtatishga urinayotgani aks etgan videoni havola etgan. Migrantlar tomon kaskali, qalqon va rezina tayoqlar bilan qurollanganlar yugurib kelgan. Orada to‘qnashuv yuz bergan.

«Mendagi ma'lumotga ko‘ra, bu kecha, 3 avgustda sodir bo‘lgan. Jabrlanganlar, qo‘lga olinganlar yo‘q. Buni to‘qnashuv deyish qiyin, shunchaki ko‘tarilish bo‘lgan. Hozirda chodirli lagerda xotirjamlik, u yerda hech narsa sodir bo‘lmayapti», — dedi Samara oblasti hukumati vakili RBK bilan suhbatda.

«Toshkent, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi fuqarolardan noxush epidemiologik vaziyat bois yopiq bo‘lgan Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘planmaslikni so‘ramoqda. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolaridan ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on xabarlarga ishonmaslik va o‘zlari bo‘lib turgan hududda qolish so‘ralmoqda», — deb qo‘shimcha qildi u.

Rosgvardiya mojaro sodir bo‘lganini, ammo to‘qnashuvlarda ularning vakillari ishtirok etmaganligini bildirdi.

«Migrantlarning huquqni muhofaza qilish organi xodimlari bilan to‘qnashuvi kecha yuz bergan. U tezda, Rosgvardiya vakillari ishtirokisiz bartaraf etilgan», — deb ma'lum qildi Rosgvardiyaning Samara oblasti bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati.

Top