09:48 / 05.08.2020
7713

«Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonun iste'molchilar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan ta'minlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi bo‘yicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va pestitsidlarning qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi, veterinariya nazoratini nazoratni amalga oshiruvchi, o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat organlari hamda qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta'minlash sohasidagi davlat boshqaruvi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

davlat tomonidan normalash;

sanitariya choralarini ishlab chiqish, tasdiqlash va qo‘llash;

bolalarbop oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, yangi oziq-ovqat mahsulotlari, funksional va ixtisoslashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari, pestitsidlar, veterinariya dori vositalari, ozuqabop qo‘shimchalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlarining reyestrini tuzish va yuritish;

davlat nazorati va tekshiruvi;

oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta'minlash tadbirlarini rejalashtirish.

 Tegishli sanitariya choralari quyidagi talablarga muvofiq ishlab chiqiladi, ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi:

Sanitariya choralari ilmiy prinsiplarga va mavjud ilmiy xulosalarga asoslanadi (moddaning 6-xatboshisida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno);

agar xalqaro standartlar, yo‘riqnomalar va tavsiyalar mavjud bo‘lsa, sanitariya choralari ular asosida ishlab chiqiladi, ushbu xalqaro standartlar, yo‘riqnomalar va tavsiyalar inson sog‘lig‘ini munosib himoya qilish uchun yetarli bo‘lmagan hollar bundan mustasno;

inson hayoti va salomatligini munosib himoya qilish darajasini ta'minlash uchun xalqaro standartlar, yo‘riqnomalar yoki tavsiyalar mavjud bo‘lmasa yoki yetishmasa, sanitariya choralari tegishli ilmiy izlanishlar asosida, xavflarni baholash usullarini qo‘llagan holda ishlab chiqiladi;

xavflarni baholash uchun zarur bo‘lgan ilmiy asoslar bo‘lmasa yoki inson hayoti va salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, sanitariya choralari tegishli xalqaro tashkilotlardan olingan mavjud ma'lumotlar yoki sanitariya va gigiyena choralari asosida manfaatdor hamkorlari bilan birga ishlab chiqiladi.

Sanitariya choralari, shu jumladan favqulodda holatlarda qabul qilingan choralar, bunday choralar faqat inson hayoti va salomatligini himoya qilish bo‘lgan doirada qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida, qo‘yidagi hollarda qayta ko‘rib chiqilishi va yangilanishi kerak:

yangi ilmiy ma'lumotlar olinganda;

manfaatdor savdo hamkorlardan muhim sharhlar qabul qilinganda.

Sanitariya choralari loyihalari tegishli oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlarga va iste'molchilarga ko‘rib chiqish va taklif kiritish uchun yuborilishi hamda ularning choralar mazmuni va shakli bo‘yicha bergan takliflari yakuniy qaror qabul qilinishda e'tiborga olinishi kerak.

Sanitariya choralari, texnik va iqtisodiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda, inson hayoti va salomatligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan darajadan ortiqroq savdoni cheklamasligi kerak, favqulodda holatlarda hamda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida qabul qilinadigan sanitariya choralari bundan mustasno.

Taklif etilayotgan sanitariya choralari va ular to‘g‘risida ma'lumotni olish tartibi, shuningdek ularni qo‘llash bo‘yicha sharhlar ommaviy axborot vositalari va tegishli sanitariya choralarni ishlab chiqqan davlat boshqaruvi organining rasmiy veb-saytida jamoat muhokamasi uchun joylashtirilishi kerak.

Xalqaro standartlarga mos kelmaydigan va manfaatdor savdo hamkorlarning eksport imkoniyatlariga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sanitariya choralari to‘g‘risida, so‘rovlar qabul qilish vakolati mavjud vakolatli organining markazi orqali Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi bitimiga muvofiq, sanitariya choralarning yakuniy loyihasi tayyorlanishidan kamida 60 kun oldin xabar qilinadi.

Taklif qilinayotgan yangi yoki o‘zgartirilgan sanitariya choralarining e'lon qilinishi va ko‘rib chiqishi natijasida olingan sharhlar bunday choralarni qabul qilish uchun kamsitmaydigan asosda hisobga olinishi kerak.

Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi kelishuviga asosan sanitariya choralari to‘g‘risida so‘rovlarni qabul qilish markazi mavjud vakolatli davlat boshqaruvi organi manfaatdor shaxslar yoki savdo hamkorlarning yozma murojaatiga binoan taklif qilinayotgan sanitariya choralarining matnini, iloji bo‘lsa, xalqaro standartlar, ko‘rsatmalar va tavsiyalardan sezilarli darajada farq qiladigan qoidalarni ko‘rsatgan holda taqdim yetishi kerak.

Favqulodda holatlarda, sanitariya choralari darhol qabul qilinishiga yo‘l qo‘yiladi, bunda qabul qilinayotgan chora to‘g‘risida kechiktirmasdan va tezkor xabar berilishi kerak.

Yangi qabul qilingan va o‘zgartirilgan (to‘ldirilgan) sanitariya choralari ularni ishlab chiqqan vakolatli davlat boshqaruvi organining tegishli rasmiy bosma nashrlarda va rasmiy veb-saytida joylashtirilgandan keyin darhol e'lon qilinadi hamda e'lon qilingan kunidan boshlab kamida olti oydan muddatdan keyin kuchga kiradi.

Favqulodda holatlarda, shuningdek respublikaning bojxona hududiga olib kirish (yuborish) cheklov choralari ko‘rilgan taqdirda, sanitariya chorasi qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi, keyinchalik tegishli rasmiy bosma nashrda e'lon qilinishi sharti bilan.

Sanitariya choralari faqat inson hayoti va salomatligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan miqdorda, respublika hududida ishlab chiqilgan va respublika hududiga olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki turli xil oziq-ovqat yetkazib beruvchilar orasida kamsitishga yo‘l qo‘yilmagan holda qo‘llaniladi.

Top