11:09 / 06.08.2020
10375
«Veyplarning zarari sigaretdan kam emas» – O‘zbekistonda ham tamakini cheklashga yo‘naltirilgan qonun qabul qilinishi kutilmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tamakiga qarshi kurashga yo‘naltirilgan qonunni imzoladi. Uning ta'sir doirasiga tamaki qizdiruvchilar va elektron sigaretlar ham kiradi, shu bilan birga snyus va tarkibida nikotini mavjud chekilmaydigan mahsulotlar man etilgan. Xuddi shunday qonun sal avvalroq Qozog‘istonda qabul qilingan edi.

Foto: AP

Endilikda Rossiyada bug‘ bilan chekiladigan veyplar va tamaki qizdiruvchi uskunalar oddiy sigaretlarga tenglashtirildi. Snyus (yostiqcha ko‘rinishidagi shimiladigan tamaki mahsulotlari) va shunga o‘xshash boshqa mahsulotlar iste'mol uchun butunlay man qilindi. Bu cheklovlar ushbu mahsulotlarning zarari oddiy sigaretlardan kam emasligi isbotlangan tadqiqotlardan so‘ng qabul qilindi.

Bir oy oldin, 7 iyul kuni shu kabi qonun Qozog‘istonda qabul qilindi. Respublika rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Xalq sog‘lig‘i va sog‘liqni saqlash tizimi» to‘g‘risidagi kodeksga imzo qo‘ydi.

Xususan, Iqos va Glo kabi tamaki chekishning yangi tizimlarining iste'molini cheklashga hamda snyuslarni mamlakatga olib kirish, ishlab chiqarish va tarqatishga cheklovlar o‘rnatildi.

Shu bilan birga yaqinda The Guardian nashri veyp chekuvchilar va ularning atrofidagilar Covid−19’ga chalinishga moyilliklari yuqoriroqligi haqida ogohlantirgan. 20 ming nafar chekuvchilarni o‘rganish natijasida ma'lum bo‘ldiki, ularda koronavirusning og‘ir shakllari namoyon bo‘lishining xavfi ikki karra yuqori ekan. Harvard universiteti qoshidagi Chan jamoatchilik sog‘liqni saqlash maktabi olimlarining ta'kidlashicha, veyp chekishga bo‘lgan moyillik hukumatning koronavirusga qarshi kurashiga xalaqit bermoqda.

«O‘zbekistonda ham Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasi e'lon qilinib, shu kunlarda tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda.

Unda qo‘shni mamlakatlarda qabul qilingan yangi normalar – tamakini qizdiruvchi uskunalar va veyplarni oddiy sigaretlarga tenglashtirish hamda nikotin yostiqchalarini taqiqlash choralari ham aks etsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki ularning zarari sigaretdan kam emas, tarkibida nikotin va tamaki mavjud, demak, hamyurtlarimizni chekish kabi zararli odatdan xalos qilmaydi», deydi huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Top