O‘zbekiston | 12:56 / 13.06.2022
5046
3 daqiqa o‘qiladi

Senat alkogol va tamaki iste’molini cheklashga doir qonunni rad etdi

Senat a’zolari alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha qonunni tasdiqlashni rad qilib, Qonunchilik palatasiga qaytardi. Sabab sifatida qonunda ayrim tushunchalarga izoh berilmagani, uning doirasidan 18-21 yosh oralig‘idagi shaxslar qatlami chetda qolayotgani hamda boshqa qonunlarga zid talablari borligi keltirilmoqda.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Bugun, 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yigirma yettinchi yalpi majlisida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi, «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlardagi normalarni o‘z ichida mujassamlashtiradi. Shu sababli ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutiladi.

Yalpi majlisda Senat a’zolari qonunning asosiy tushunchalariga aniqlik kiritish zarurligi, kollizion normalar mavjudligi, huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur o‘rganib chiqilmagani bois qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Rad etish uchun asosiy sabablar sifatida qator masalalar keltirib o‘tildi.

Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zarari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktika ishlari faqatgina voyaga yetmaganlar o‘rtasida olib borilishi, bunday mahsulotlarni sotish va iste’mol qilish 21 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun taqiqlanishi ko‘zda tutilgan. Natijada ushbu qonun doirasida 18 yoshdan yuqori va 21 yoshga to‘lmagan shaxslar qatlami chetda qolmoqda.

Shuningdek, qonunda «nosvoy», «tamakili snyus» va «nikotinli snyus» tushunchalari chekilmaydigan tamaki mahsulotlari doirasiga kiritilgan. Bunda «nosvoy» tushunchasining mazmuni alohida xatboshida ochib berilgan, biroq boshqa yangi turdagi chekilmaydigan tamaki mahsulotlari «tamakili snyus» va «nikotinli snyus» tushunchalari ochib berilmagan, ularning bir-biridan farqi bayon etilmagan.

Qonunda faqatgina O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarning reklamasiga qaysi hollarda yo‘l qo‘yilishi bayon etilgan. Biroq 2022 yil 7 iyundagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 39-moddasida tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar bilan birga pivo reklamasiga ham yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Bu esa normalar kolliziyasini keltirib chiqarmoqda. Shunga ko‘ra, qonunning tegishli normasini «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda qonunning ahamiyati hamda bugungi kundagi dolzarbligini inobatga olib, Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar ko‘rib chiqilgach, qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga qayta kiritilishi bildirildi.

Mavzuga oid