12:25 / 08.08.2020
8235
Mutaxassis nima uchun tibbiy niqob taqish muhimligini tushuntirdi

«Tez yordam» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida mutaxassislar tomonidan COVID-19 kasalligining rivojlanish bosqichlari va tibbiy niqob taqishning ahamiyati haqida ma'lumot berildi. Qayd etilishicha, tibbiy niqob taqish orqali kasallikning har bir bosqichida boshqalarga virus yuqtirishning oldini olish mumkin.

Infeksionist-epidemiolog, tibbiyot fanlari doktori Malika Xo‘jayevaning ta'kidlashicha, inson organizmiga biror infeksiya, virus yoki bakteriya tushgandan so‘ng u tanada joylashib, ko‘payishni boshlashi uchun ma'lum vaqt kerak bo‘ladi. Qaysidir virusga buning uchun 2 soat yetarli bo‘lsa, qaysidir viruslar uchun 1 oy kerak bo‘lishi mumkin. Bu yashirin davr deb ataladi.

Koronavirusning yashirin davri 1 kundan 14 kungacha hisoblanadi, individual holatlarda 5 yoki 10 kungacha bo‘lgan holatlar ko‘proq kuzatilgan.

«Kasallikning yashirin davri o‘rtalariga kelib virus sal ko‘payadi. Keyingi bosqichga kelib, virus qonga o‘tadi. Bu davrda kasallikning umumiy belgilari: bosh og‘rig‘i, mushaklar og‘rig‘i, et uvishishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Bu muddatda bemor yuqumli hisoblanadi.

Undan keyingi bosqichda aynan koronavirus uchun xos bo‘lgan belgilar paydo bo‘ladi. Masalan, hid va ta'm bilish qobiliyatining yo‘qolishi koronavirusga xos ekani ma'lum. Bemorning o‘zi holatini kuzatib, kasallik manbai bilan qachon to‘qnashganini, qaysi muddatda yaqinlari uchun xavfli ekanini bilishi kerak bo‘ladi», - dedi Aziza Xo‘jayeva.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yashirin davrida bemor o‘zida virus borligini bilmasligi, lekin uni boshqalarga yuqtirishi mumkin. Shuning uchun tibbiy niqobning ahamiyati juda yuqori hisoblanadi.

«Inson koronavirusning yashirin davrini boshidan kechirayotgan paytda tibbiy niqobda bo‘lsa, u o‘zi uchrashgan insonlarni kasallik yuqishidan saqlab qolishi mumkin. Kasallikning keyingi bosqichlarida ham tibbiy niqob taqish orqali boshqalarga virus yuqtirish xavfi kamayadi», - dedi Aziza Xo‘jayeva.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top