21:12 / 09.08.2020
32363
Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi beshta tuman hokimiga hayfsan berdi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shahardagi beshta tuman hokimini jazoladi. Bu haqda shahar hokimining 8 avgustdagi 113-f sonli farmoyishida ko‘rsatilgan.

Farmoyishdan ma'lum bo‘lishicha, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Ergashev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev, Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov, Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonov va Yashnobod tumani hokimi Hojiakbar Tillashayxovga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Qayd etilishicha, sanab o‘tilgan tumanlarning rahbarlari «pandemiya davrida aholi tomonidan ko‘plab e'tirozlar bildirayotgani hamda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani» uchun jazolangan.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni Sergeli tumani hokimi Baxtiyor Shamuratov mansabga sovuqqonlik bilan qaragani, mahallalar bilan ishlamaganligi va muhtojlar ro‘yxatini shakllantirishda tizimli ish tashkil qilmaganligi sababli ishdan bo‘shatilgani xabar qilingandi.

Top