10:08 / 09.08.2020
6605
So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qaror Farg‘ona viloyati So‘x tumanining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyalash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish, sanoat salohiyatini yanada oshirish, qishloq xo‘jaligi, servis va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirish hisobiga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan 2020-2021 yillarda So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan.

Quyidagilar So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

  • zamonaviy raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va ularni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash;
  • qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, sohada foydalanilmayotgan va foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish, chorvachilik, shu jumladan parrandachilik va baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish;
  • yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga, aholining uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilashga, sog‘lomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishini tashkillashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, tuman markazini obodonlashtirish;
  • ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot sohasi va pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish, tumanda oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, ta'lim va tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish;
  • aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, ularning ish bilan bandligini ta'minlash.

Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Dasturni amalga oshirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda Dasturning maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari asosida 2020-2021 yillarda So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturini tasdiqlaydi.

Shuningdek, qaror bilan So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan.

Top