00:35 / 11.08.2020
37611
Bakalavrlar bir vaqtning o‘zida ham ikkinchi mutaxassislik, ham magistraturaga hujjat topshirishi mumkin - vazirlik

OTMning bakalavriat bosqichini tamomlaganlar endilikda ham ikkinchi mutaxassislik, ham magistraturaga hujjat topshirishi mumkin.

Bu haqda 10 avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma'lum qildi.

«Ikkinchi mutaxassislikka hujjatlar qabuli 10 avgustdan boshlanishini e'lon qilgan edik. Ma'lumot uchun, ikkinchitalim.edu.uz sayti bugundan o‘z faoliyatini boshladi. 

Ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirishni istaganlar shu sayt orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. 

Shuningdek, magistraturaga ro‘yxatdan o‘tgan bakalavr bitiruvchisi bir vaqtda ikkinchi oliy ta'limga ham ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati bor», – dedi boshqarma boshlig‘i shu mazmunda berilgan savolga javoban.

Matbuot anjumani davomida Xoliqovga ham test, ham ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlarda bu yil ijodiy imtihonlar bekor qilingani va shunday bo‘lsa-da, bu tartib nega ham test, ham jismoniy imtihon olinadigan harbiy yo‘nalishlarga tatbiq etilmayotgani to‘g‘risida savol berildi.

«Bu borada tegishli oliy ta'lim muassasalarining taklifi asosida qaror qabul qilindi va davlat komissiyasiga shu taklif kiritildi. 

Mudofaa yo‘nalishida bizda uchta OTMda fakultetlar bor (Chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik). Albatta, ularning talaba qabul qilish bo‘yicha tanlovida ham o‘ziga xos talablar bor. Masalan, yosh chegarasi yoki jinsga qarab tanlov. U yerda o‘qishga yigitlar qabul qilinadi.

Abduvali Xoliqov

Afsuski, mana shu yo‘nalishdagi abituriyentlar tarkibi analiz qilinganda, ular orasida xotin-qizlar yoki belgilangan yosh chegarasidan o‘tib ketganlar ham topilgan.

Ular abituriyentning maxsus jismoniy tayyorgarligini ko‘rishi kerak. Buning uchun ularda maxsus joylar bor. 

Ikkinchidan, bu ta'lim yo‘nalishida abituriyentlar soni ko‘p emas. Imtihon bir hafta, o‘n kun cho‘zilib ketadigan abituriyentlar yo‘q. Shu sababli bu Mudofaaning o‘ziga yarasha talabi», – deya Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz  muxbiri.

Top