14:49 / 11.08.2020
2807
Bojxonachilar 663 mln so‘mlik dori vositalari va 1200ta pulsoksimetrning noqonuniy savdosiga chek qo‘yishdi

Pandemiya davrida aholining ayrim dori-darmonlarga nisbatan ehtiyoji ortib bormoqda. Bu vaziyatdan mo‘may daromad orttirib qolishga urinayotgan ayrim shaxslar esa sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirin ravishda pullab, fuqarolar salomatligini jiddiy xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ana shunday urinishlar bilan bog‘liq ikkita holat haqida xabar berdi.

Birinchi holatda, qo‘mitaning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqarolar B.M. hamda V.A. 5 dona qog‘oz qutiga joylangan, sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, chet elda ishlab chiqarilgan 2000 quti dori vositalarini sotishga urinayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, fuqaro V.A. boshqaruvidagi «Captiva» rusumli avtotransport vositasi ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtoulov salonida ham 600 quti dori vositalari borligi aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 663 mln so‘mni tashkil qilmoqda. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Yana bir tezkor tadbir qo‘mitaning Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxtning Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqaro A.A. 12 dona qog‘oz qutiga solingan 1200 dona pulsoksimetrni sotishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tibbiy buyumlar dorixonalardan tashqarida 120 million so‘mga realizatsiya qilinayotgan bo‘lgan. Pulsoksimetrlar hozirda vaqtincha saqlovga olingan va holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top