21:36 / 11.08.2020
12896
Qo‘shko‘pirda fermerga 49 yilga berilgan yer bir yilda «o‘z arizasiga asosan» zaxiraga olindi - arizani fermer yozmagan

Kun.uz muxbirlari shu yilning iyun oyi o‘rtalarida amaliy safar bilan mamlakatning g‘arbiy mintaqalari – Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi hamda ushbu hududlardan tushgan murojaatlarni o‘rgandi. Muammoli arzlarning aksariyati tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklaridan bo‘lganini alohida qayd etish joiz.

«Jaloladdin» fermer xo‘jaligi 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastavval chorvachilik yo‘nalishida faoliyat olib borgan. O‘sha vaqtda 70ta qo‘y va 50dan ortiq qoramol bilan ishni boshlagan. Buning uchun 4 gektar yer berilgan. Keyinchalik fermer xo‘jaligi faoliyatini kengaytirib, ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylangan, 35 gektar sun'iy ko‘lda baliqchilik xo‘jaligi ham barpo etilgan.

Tuman hokimining 2019 yil 28 yanvar kungi 759-sonli qaroridan so‘ng, xo‘jalikka 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer maydoni 160,5 gektarni tashkil etmoqda edi. Biroq, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, aniqrog‘i, hokimning 2020 yil 25 yanvardagi 128-sonli qarori bilan yer ijara shartnomasi bekor qilinadi va fermer xo‘jaligiga berilgan yerlar batamom tuman zaxirasiga qaytarib olinadi.

 

«Qarindosh-urug‘ maslahat qilib ishni boshladik. Ishimiz yaxshi bo‘ldi. Shunchalik bo‘ldiki, 23 mln so‘mlik chorva mahsulotlarini (davlatga) topshirib, Agrobankka tushirgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi», – deydi Qo‘shnazar Karimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki vaqtlarda fermer xo‘jaligiga katta o‘g‘li Nizomiddin rahbarlik qilgan. Uning kasbi traktorchi bo‘lgani uchun mexanizatsiya ishlari ko‘paygani bois, keyinchalik fermer xo‘jaligi rahbarligini ota o‘z zimmasiga olgan. Fermer xo‘jaligi qayta tashkil etilganidan so‘ng, uning rahbarligi rasman Qo‘shnazar Karimovning boshqa bir o‘g‘li – Jaloladdinga o‘tkazilgan.

Qo‘shnazar Karimov fermer xo‘jaligi yerlarini tuman zaxirasiga olish bo‘yicha arizani nima sababdan yozganiga qiziqamiz.

Qo‘shnazar Karimov

«Arizadagi imzo meniki. Mening ariza yozishga vakolatim yo‘q edi, lekin farzandlarimning sog‘lig‘ini tilayman. IIBning tayanch punktida majlis o‘tkazganida, sizni sudga beraman, dedi. Shundan so‘ng farzandlarim ko‘pchilikning oldida boshqa kaltaklanmasin deb, [fermer xo‘jaligi yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish bo‘yicha] ariza yozishga majbur bo‘ldim», – deydi Qo‘shnazar Karimov.

Fermer xo‘jaligining amaldagi raisi Jaloladdin Karimov esa, otasi ariza yozganidan o‘z vaqtida xabari bo‘lmagani, chunki bu vaqtda turmush o‘rtog‘i bilan Toshkentda shifoxonada bo‘lganini ta'kidladi.

Shuncha yillik fermer bilan hokimlik o‘rtasida nima ro‘y berdiki, bir yilda yerlar zaxiraga qaytarib olinsa, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Biz bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab bergan Qo‘shnazar Karimovga yana quloq tutamiz.

Jaloladdin Karimov, Fermer xo‘jaligining amaldagi raisi

Uning aytishicha, 2019 yil 29 sentyabrda viloyat hokimi Farxod Ermanov tumanga safari chog‘ida ushbu fermer xo‘jaligi dalasini kelib ko‘radi va noto‘g‘ri ma'lumot berilgani uchun tuman hokimiga tanbeh beradi, fermerni qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta'kidlaydi.

Mana shu voqea sabab bo‘lib, tuman hokimi va fermer xo‘jaligi vakillari orasiga sovuqchilik tushadi. Albatta, bu – Qo‘shnazar Karimovning so‘zlari. Tuman hokimligining o‘z haqiqati bo‘lishi shubhasiz. Chunki dabdurustdan fermer xo‘jaligi raisining emas, otasining ariza yozishi, buni tuman komissiyasi ma'qullab berishi, tuman sudida ayni holat tasdiqlanganiga qaramay, fermer xo‘jaligining raisi o‘z vaqtida xabar olmagani vaji bilan yerning zaxiraga olib qo‘yilishini bundan boshqacha tushuna olmadik.

Jaloladdin Karimovning (fermer xo‘jaligi raisi) so‘zlariga ko‘ra, 4 fevral kuni hokimlikdan xat kelgan. Unda fermer xo‘jaligi yerlari o‘zining yozgan xatiga muvofiq tuman zaxirasiga qaytarib olingani xabar qilingan.

«Nimaga asosan yerimni oldingiz deb, yerni uzoq muddatga ijaraga berish bo‘yicha shartnomani o‘z kuchida qoldirishni so‘radim. Bu orada hokim bilan uchrashishga harakat qildim. Meni kiritishmadi. Shundan keyin sudga berishga majbur bo‘ldik», – deydi J. Karimov.

Sud mahkamasi esa, barcha hujjatlarni o‘rganib chiqqan holda tuman hokimligining 2020 yil 25 yanvardagi 128-sonli qarorini noqonuniy deb topish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirishni rad etgan.

Vaholanki, sud hal qiluv qarorida ham J.Karimovning otasi Qo‘shnazar Karimov so‘ralganida: «...fermerlar bilan yig‘ilishlarda o‘g‘lining nomidan ishtirok etishini, majlislarning birida unga qattiq gapirishgani, bundan jahli chiqib, tuman hokimi va prokurori nomiga fermer xo‘jaligini tugatish to‘g‘risida ariza yozib, pochtadan yuborganini, ariza yozganini uydagilari va o‘g‘liga aytmagani...» qayd etiladi.

Albatta, bu Qo‘shnazar Karimov hamda o‘g‘li Jaloladdin Karimovlarning husnixatlarini solishtirganda ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, hokim va prokuror nomiga yozilgan arizada fermer xo‘jaligining shtampi yo‘qligi ham aniq ko‘rinib turibdi.

Shu bilan birga, zaxiraga olingan yer maydoni Qo‘shko‘pir tumani hokimining 2020 yil 18 fevraldagi 497-sonli qarori bilan Xiva tumani, Shomoxulm qishlog‘i, Varangzan mahallasida yashovchi fuqaro S.B.ga fermer xo‘jaligini tashkil etish uchun ajratib berilgan.

Biz murojaatchilar bilan birga baliqchilik ko‘liga borib, ko‘lning suvi oqizib yuborilgani va qarovsiz holga kelib qolganiga guvoh bo‘ldik.

«Fermer xo‘jaligida og‘ayni-qarindoshlarim, qo‘shnilarim ishlardi. 60ga yaqin mavsumiy ishchimiz bo‘lardi. Bu yerda 33,8 gektar ko‘l bor edi. 27 gektarida bevosita suv bor edi. Dastlab 2011 yilda 5,5 tonna chavaq tashlagandik. Yiliga 10 tonnagacha baliq sotar edik. 4 fevraldan boshlab, bizni ko‘lga ham yaqinlashtirmay qo‘yishdi», – deydi fermer Jaloladdin Karimov.

Shu o‘rinda, otaning o‘g‘li nomidan ariza yozishga vakolati bormidi, degan savolga sudda oydinlik kiritilmaganini ta'kidlash lozim. Vaholanki, Qo‘shnazar Karimov Jaloladdin Karimovning ishonchli vakili bo‘lgan taqdirda, notarius orqali tasdiqlangan ishonchnomada unga fermer xo‘jaligi raisi nomidan yerni qaytarib olish bo‘yicha ariza yozish huquqi ham unga berilgan bo‘lishi kerak edi. Shundagina, ota o‘g‘lining nomidan yerni zaxiraga olish, fermer xo‘jaligini tugatish bo‘yicha yozgan arizasi inobatga olinardi.

Fermer xo‘jaligi raisi ming bir umid va ishonch bilan tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori ustidan Xorazm viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasiga murojaat qiladi, biroq bilmaydiki, bu yerda ham uning umidi puchga chiqadi.

2020 yil 10 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida apellyatsiya instansiyasi hay'ati Qo‘shko‘pir tuman ma'muriy sudining «Jaloladdin» f/x rahbari J.Karimovning arizasi bo‘yicha chiqargan hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Vaholanki, fermer xo‘jaligi nizomining 1.6 bandida «Jaloladdin» fermer xo‘jaligining manzili, uning rahbariga doir ma'lumotlar berilgan. Mazkur nizomda J.Karimov nomidan uning otasi imzo qo‘yish huquqiga ega ekani qayd etilmagan. Bu borada biror ishonchnoma ham mavjud emas.

Bugungi kunda fermer xo‘jaligi raisi J.Karimov Oliy sudning Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atiga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qilgan bo‘lib, adolat qaror topishiga umid qilmoqda.

Shu o‘rinda, oxirgi 2-3 yilda mahalliy hokimliklar darajasida kuzatayotganimiz ayrim salbiy tendensiyalar haqida so‘z yuritsak.

Qachongacha mahalliy hokimliklar darajasidagi muammo «salla desa, kalla» uslubida hal etiladi? Qachon ular muammoni amaliy, konstruktiv, tadbirkorga ko‘mak berish uslubida hal etishga o‘tishadi?

Qachongacha, har hokim almashganida, yangi hokimning birinchi qiladigan ishi fermerlarning yerini zaxiraga olib, boshqalarga qayta taqsimlash bo‘ladi?! Respublika bo‘yicha kuzatiladigan bunday boshboshdoqliklarning cheki-chegarasi bordir axir?

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top