18:43 / 14.08.2020
4066
Fuqarolarni «temir daftar»dan chiqarish tartibi ma'lum qilindi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomov «temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar qachon va qay tartibda bu ro‘yxatdan chiqarilishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, fuqaro «temir daftar»dan chiqarilishi uchun ish bilan ta'minlanishi yoki o‘z-o‘zini ish bilan band qilishiga erishilgan bo‘lishi kerak.

«Temir daftar»ni yuritish bo‘yicha vaqtincha belgilangan tartibga ko‘ra, fuqaroning bu ro‘yxatda bo‘lish muddatiga aniq chegara mavjud emas. Yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolar aniqlanib, «temir daftar»ga kiritilgach, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Mehnatga layoqatli bo‘lgan fuqarolar ishga joylashtirilib bandligi ta'minlanadi yoki o‘z-o‘zini band qilish orqali ularning daromadini oshirishga erishiladi. Shundan so‘ng fuqaroning arizasi va ishchi guruhning tavsiyasi asosida bu fuqaroni ro‘yxatdan chiqarish xalq deputatlari tuman/shahar kengashi qarori asosida hal qilinadi.

Ro‘yxatda bo‘lgan davrida fuqaroga oziq-ovqat, dori-darmon, zarur bo‘lganda naqd pul shaklida yordam ko‘rsatib boriladi», dedi Ahror G‘ulomov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Vazirlik vakili fuqarolar «temir daftar»ga qaysi mezonlar asosida kiritilishini eslatib o‘tdi.

«Oilasida mehnatga layoqatsiz nogironlar va surunkali kasallikka chalinganlar bo‘lganlar, yakka-yolg‘iz keksalar, bevalar va o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlar, 5 va undan ortiq farzandi bor oilalar, karantin choralari natijasida daromad manbaini yo‘qotganlar, haqiqatda ehtiyojmandlar, nochor va moddiy ko‘makka muhtojlar «temir daftar»ga kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Agar fuqaro yuqorida sanab o‘tilgan mezonlarga to‘g‘ri kelsa, lekin «temir daftar»ga kiritilmagan bo‘lsa, o‘zi istiqomat qilib turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Fuqaroning holati baholanadi va uning daromadini oshirish bo‘yicha kerakli choralar ko‘riladi», deya boshqarma boshlig‘ining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik vakili Dilorom Qo‘ziyevaning ta'kidlashicha, «temir daftar»ga kirish fuqaroning harakatsizligiga sabab bo‘lmasligi kerak.

«Temir daftar»ga kirsam, davlat menga pul berarkan degan fikr bilan yashash emas, balki o‘z daromadiga ega bo‘lish, iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilashga harakat qilish kerak. «Temir daftar» ham aslida shuni – ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish, o‘z daromadiga ega bo‘lishga ko‘maklashishni nazarda tutadi», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, 400 mingdan ortiq oilalarga mansub 1,7 million nafardan ziyod fuqaro «temir daftar»ga kiritilib, oilalarning har bir a'zosiga 220 ming so‘mdan moddiy yordam pullari tarqatilishi belgilangan. Mazkur maqsad uchun davlat budjetidan jami 380 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, mablag‘lar 15 avgustga qadar o‘z egalariga yetkazilishi belgilangan.

Top