Tuman prokurori sektori — Markaz qishlog‘ida qurilgan issiqxonalarning ikkitasi bir qorga bardosh bermagan — ikki kunda qulab tushgan. Qolgan ikkitasida esa ish hanuz yakuniga yetkazilmagan. Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Payariq tumanida bo‘ldi.

Murojaatchilardan birining ishonchli vakili Muhammad Haqqulovning aytishicha, u manfaatlarini himoya qilayotgan shaxs Nizom O‘tashev 2020 yilning yoz oylarida imtiyozli kredit olish maqsadida Xalq bankining Payariq filialiga murojaat qiladi. Maqsad – oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilash. Uning bu niyati avvaliga tezda amalga oshgandek bo‘ladi. Taassufki, u hali issiqxonani tayyor holatda qabul qilmay turib, bank xodimlari uning uyiga imtiyoz muddati tugagan kreditni qaytarish jadvalini tashlab ketishadi.

«N.O‘tashev tomonidan bankka imtiyozli kredit olamiz deb hujjatlar topshirilganidan so‘ng ta'minotchi – «BOBURJON TRADE STAR» MChJ tomonidan issiqxona joyi qazilib, profillar o‘rnatib ketildi. Kelib ishlarini davom ettirishar, ustini ham yopib berar, degan xayolda yurganimizda, uning imtiyoz muddati tugagani to‘g‘risida bankdan xabar berildi.
Qizig‘i, hali issiqxonani qabul qilib olmagandik. Shu sababli tegishli idoralarga e'tiroz bildirdik. Shundan so‘ng joriy yilning 19 yanvar kuni issiqxonaning ustiga plyonka yopib ketishdi. Ikki kun o‘tib qor yog‘di va kechasi issiqxona qulab tushdi», — deydi Muhammad Haqqulov.
Haqqulovning qo‘shimcha qilishicha, u issiqxona qurilishidan avval bu soha bilan daromad qilayotganlarning faoliyatini kuzatgan. U «BOBURJON TRADE STAR» MChJ tomonidan barpo etilgan issiqxonada bir qator kamchiliklar borligini aytmoqda. Bank xodimlari nega ta'minotchiga shuncha mablag‘ni o‘tkazib bergandan so‘ng ishning sifatini kelib bir nazorat qilishmaydi, deya e'tiroz bildirmoqda.
Ma'lum bo‘ldiki, Nizom O‘tashevga issiqxona uchun olti oylik imtiyoz davri bilan 36 oyga 14 foizlik kredit ajratilgan. Kredit miqdori 29 949 999 so‘mni tashkil etmoqda.
























