19:51 / 15.08.2020
3751
Tramp Huawei bilan hamkorlik qilishga vaqtincha ruxsat berdi

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'muriyati Pentagonga Huawei kompaniyasi mahsulotlari va Xitoyda ishlab chiqarilgan boshqa telekommunikatsiya uskunalaridan foydalanishga ruxsat berdi.

Foto: CNBC

Defense News xabariga ko‘ra, vaqtinchalik qoida 13 avgustdan 30 sentyabrgacha amal qiladi. 

Bu vaqt ichida koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan zarar ko‘rgan mudofaa pudratchilari Xitoy mahsulotlarining o‘rnini bosadigan boshqa uskunalarni topishi shart.

Shuningdek, qoida Huawei va Xitoyning boshqa kompaniyalari mahsulotlari o‘rnini bosadigan uskunalarni izlab topish uchun ko‘proq vaqt so‘ragan kompaniyalarga ham taalluqli. Nashrning ta'kidlashicha, bu mudofaa idorasi pudratchilariga «vaqtincha nafas rostlab olish» imkoniyatini beradi.

Qayd qilish joizki, AQSh prezidenti Donald Tramp 2019 yil may oyida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini xorijdan kelayotgan xatarlardan himoya qilish maqsadida, mahalliy kompaniyalarga Huawei uskunalaridan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan edi. 

Bu kompaniya bilan hamkorlik qilishni istaganlar uchun AQSh hukumati maxsus litsenziyani joriy qildi.

«Bu choralar xorijliklarga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga Amerika texnologiyalaridan AQSh milliy xavfsizliga xavf solish imkoniyatini cheklaydi», - degan edi savdo vaziri Uilbur Rossi.

Top