08:18 / 16.08.2020
30328
Donald Trampning ukasi vafot etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ukasi Robert Tramp vafot etganini ma'lum qildi. U 72 yoshda bo‘lgan. AQSh prezidentining ukasi avvalroq ommadan sir saqlangan “og‘ir tashxis” bilan shifoxonaga yotqizilgandi.  

Robert va Donald Tramp Foto: AP /Diane Bonadreff

“Yurakda og‘riq bilan ukam Robert bugun kechasi vafot etganini ma'lum qilmoqchiman. U nafaqat ukam, balki eng yaqin do‘stim edi. Biz uni sog‘inib qolamiz, biroq yana u bilan uchrashamiz. U haqidagi xotira qalbimda abadiy qoladi. Robert, men seni yaxshi ko‘raman. Joying jannatda bo‘lsin”, deb aytgan Tramp.

Robert Tramp avvalroq Nyu-Yorkdagi shifoxonaga og‘ir ahvolda yotqizilgandi. AQSh prezidenti shifoxonada davolanayotgan ukasini 14 avgustda yo‘qlagandi. 

“Mening ajoyib ukam bor. Umid qilamanki, u bilan hammasi yaxshi bo‘ladi, biroq unga qiyin bo‘lmoqda”, deb aytgan o‘shanda Tramp.

Robert Tramp avval akasiga qarashli Trump Organization kompaniyasida yuqori lavozimda ishlagan. U 2016 yilda New York Post nashriga bergan intervyusida akasining AQSh prezidenti lavozimiga saylanishining eng katta tarafdori ekanini va uni “ming foizga “ qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 

Robert Trampning nomi iyulda yangiliklarda tilga olinib, u o‘z jiyani - akasi Fredning qizi Meri Trampni amakisi Donald Tramp haqidagi kitobni chop etishdan qaytarishga harakat qilgani ma'lum qilingandi. Meri Tramp o‘z kitobida amakisi Donaldni otasi Fred Tramp 1981 yilda o‘lim to‘shagida yotganda uni yo‘qlamaganlikda ayblagan.  

Top