13:27 / 18.08.2020
3438

Ichimlik suvi ta'minoti 30 foizgacha DXSh mexanizmlari asosida boshqaruvga berilishi rejalashtirilyapti

Joriy yilning 5 avgust kuni davlat rahbari huzurida energetika, transport va tibbiyot sohalari bilan bir qatorda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, tanqidiy ruhda o‘tkazilgan tadbirda davlat rahbari tomonidan 
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, xususan ichimlik suv ta'minoti, kanalizatsiya xizmatlari va issiqlik ta'minoti sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Hozirda sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichimlik suv, kanalizatsiya va issiqlik tizimi obektlarni DXSh shartlari asosida rivojlantirish bo‘yicha aniq va asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilmoqda hamda taklif etilayotgan loyihalarni aynan DXSh mexanizmlari asosida amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Taklif etilgan loyihalar DXSh mexanizmlari asosida amalga oshirish imkoniyatlari mavjud deb topilsa, belgilangan tartibda loyihalar davlat sherigi tomonidan tashabbus ko‘rsatiladi va tayyorlanadi.

Shu tartibda bugungi kunda ichimlik suv, kanalizatsiya va issiqlik ta'minoti sohasida 40dan ortiq obektlarni DXSh mexanizmlari asosida rivojlantirish, sohaga xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda. Jumladan: ichimlik va oqova suv ta'minoti bo‘yicha - 28 ta loyiha va issiqlik ta'minoti bo‘yicha - 14 ta loyihadir.

Vazirlikning dastlabki rejalariga ko‘ra keyingi 3 yil davomida ichimlik suv ta'minoti - 30 foizgacha, kanalizatsiya xizmatlari - 10 foizgacha; issiqlik ta'minoti tizimi - 20 foizgacha davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida boshqaruvga berilishi rejalashtirilmoqda.

Bildirilishicha, DXSh mexanizmlarini sohaga tatbiq etilishi ichimlik suv ta'minoti, kanalizatsiya xizmatlari va issiqlik ta'minoti infratuzilmasini rivojlantirishga, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb etilishi va bu borada budjet xarajatlarining kamayishiga, ilg‘or boshqaruv tajribasining joriy qilinishiga xizmat qiladi hamda sohadagi mavjud muammolarni o‘zaro manfaatli sharoitlarda tezkorlik bilan samarali hal etilishi, pirovardida esa aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshishiga olib keladi.

Top