29 fevral kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish maqsadlari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil qilgan davra suhbatida xalqaro moliya institutlari vakillari, investorlar va mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.

Davlat-xususiy sheriklik tushunchasining mohiyati shundaki, bunda davlat va xususiy sektor mamlakat infratuzilmasini yaxshilash va sifatli davlat xizmatlarini amalga oshirishda o‘zaro birlashadi.

O‘zbekiston bu sohada 5 yillik yo‘lni bosib o‘tdi. 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan.

29 fevral kungi davra suhbatida IMV o‘rinbosari Bobur Xo‘jayevning aytishicha, DXSh asosida o‘tgan 5 yil ichida 17 mlrd dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.

Infrasia Capital bosh direktori, sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, bunday davra suhbatlaridan maqsad – davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘plab infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga fundament yaratish hisoblanadi.

“Energetika, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika loyihalari xususiy sheriklar bilan amalga oshirilyapti, lekin shu bilan birgalikda ijtimoiy loyihalar ham DXSh asosida qilinganiga yuqori baho beraman. Masalan, dializ markazlarining qurilishi. Ular unaqa katta qiymatli loyiha emas, lekin yuzlab insonlarga dializ xizmatlarini ko‘rsatib, regionlarda xususiy sektorning samarasi olib kirildi”, – deydi Isoqov.

Uning ta’kidlashicha, dializ markazlari – ayrim turdagi bemorlar uchun hayot-mamot masalasi. Hukumat o‘tgan davrda DXSh asosida Nukus, Urganch, Samarqand va Toshkent shaharlaridan dializ markazlarini ochgan va oyiga minglab bemorlar bu markazlarda davolanadi. Bu davlat tomonidan to‘liq qoplanadigan xizmat turi hisoblanadi. Ilgari davlat pulni xususiy sektorga bergan bo‘lsa, hozir xususiy sheriklariga beryapti va sifatini talab qilib olyapti. Asosiy maqsad – bemorlarni davolash va bunga xususiy sektorning samarasini olib kirish.

“Insonlar uchun hayotiy zarur masalalar xususiy sheriklar bilan hal qilinyapti. Buni birinchi qilgan mamlakat emasmiz, lekin eng muvaffaqiyatli mamlakatlardan birimiz deb ayta olaman. Besh yil ichida nimalarga erishildi, qanaqa katta loyihalar qildik va qilmoqchimiz? “O‘zbekiston-2030” strategiyasida DXSh asosida 30 mlrd dollarlik investitsiya olib kirish bo‘yicha vazifa qo‘yilgan. Bularni qanday qilamiz, xalqaro ekspertlar nima deyapti, qaysi sohalarga pul tikish kerak, oxirgi 5 yilda qanaqa saboqlar oldik, bular muhokama qilinadi”, – deydi Isoqov.