22:45 / 21.08.2020
4204
O‘zbekistonliklarni vatanga olib kelish uchun Rostovga navbatdagi poyezd jo‘nab ketdi

Transport vazirligining xabar berishicha, yana 918 nafar fuqaro olib kelinishi kutilmoqda.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatidan yurtdoshlarimizni olib kelish maqsadida temir yo‘l reysi tashkil etilmoqda. Rossiya va Qozogiston tomoni bilan kelishuvga binoan O‘zbekiston fuqarolarini yo‘lovchi poyezdlari orqali olib kelish maqsadida Toshkent – Rostov-Don – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi maxsus temir yo‘l reysi tashkil etilmoqda.

19 avgust kuni Toshkentdan jo‘nab ketgan Gnilovskaya – Toshkent yo‘nalishida poyezd orqali 918 nafar o‘zbekistonlik 26 avgust kuni O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilgan.

«Mazkur yo‘lovchi poyezdi yo‘l davomida faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya'ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezd O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

Ushbu reysda olib kelingan yo‘lovchilar Namangan viloyatining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 13 avgust kuni Rostovdan 918 nafar, 9 avgust kuni Rossiyaning Samara shahridan 925 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Toshkentga olib kelingan edi. Olib kelingan fuqarolar Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat'iy rioya qilgan holda karantinda bo‘lishlarini ta'minlash maqsadida avtobuslarda Toshkent viloyatining maxsus karantin zonalariga yetkazilgan.

Transport vazirligi karantin choralari sababli MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan va ular O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega ekanini eslatib o‘tgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top