00:46 / 22.08.2020
21626
Malidagi to‘ntarish: parda ortida nimalar bor?

So‘nggi uch oydan buyon davom etib kelayotgan ko‘cha namoyishlari hamda muxolifat va hukumat o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlardan so‘ng, 18 avgust kuni Mali armiyasining bir guruh askarlari prezident Ibrohim Boubakar Keytani iste'foga chiqishga majbur qilib, davlat boshqaruvini qo‘lga olishdi.

Limmo-lim qadahga to‘kilgan so‘nggi tomchi

Bir necha yildan beri muxolifat iste'fosini talab qilib kelayotgan Keyta teleekranlarda paydo bo‘ldi va «qon to‘kilishini istamagani uchun» iste'foga chiqqanini, parlament va hukumatning esa tarqatib yuborilganini ma'lum qildi.

Ibrohim Boubakar Keyta

So‘nggi bir yil davomida mamlakatni yaxshi boshqara olmagani uchun tanqid qilingan Keyta korrupsiya, qarindoshlarini turli lavozimlarga tayinlash, saylovlarda manipulyatsiya qilish va iqtisodiy siyosatda muvaffaqiyatsizlikka uchrashda ayblandi. Malida Keyta boshqaruviga qarshi bo‘lingan muxolifat so‘nggi uch oy ichida mamlakatning eng ilg‘or rahbarlaridan biri bo‘lgan sobiq Islomiy kengash raisi Imom Mahmud Dikoning tashabbuslari ostida birlashdi. Imom Diko rahbarligi ostida iyun va iyul oylarida hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Kamida 11 nafar namoyishchi vafot etdi va 100dan ortiq odam jarohat oldi. Garchi 5 mingdan ortiq fransuz askarlari, G5 Sohil kuchi va 10 mingdan ortiq xodimga ega BMT missiyasi mavjudligiga qaramay, xavfsizlik muammolarining kuchayishi Keyta ma'muriyatini larzaga keltirdi.

Malidagi siyosiy inqiroz na prezident Keyta tomonidan bosh vazirning vaqtincha iste'foga chiqarilishi, na saylovlar yakunidagi qarorlari bilan tanqid ostida qolgan Konstitutsiyaviy sudning tarqatilishi, na Gana, Senegal va Nigeriya prezidentlarining sa'y-harakatlari bilan barham topdi, aksincha, vaziyat yanada chigallashdi. Chunki muxolifat Keyta va bosh vazir Boubou Sissening lavozimni tark etishini talab qilayotgandi va ularning har ikkisini mamlakatda bo‘hron yuzaga kelishida ayblayotgandi.

Garchi Keyta 2013 yilda hukumat tepasiga kelgach, Malida nisbatan siyosiy barqarorlikni saqlab kelgani da'vo qilinsa-da, ammo u iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va shimolda davom etayotgan ichki nizolarni tugatishga muvaffaq bo‘la olmadi. Juda kam saylovchilar ovozi bilan saylangan Keytaning terroristik tashkilotlar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan muxolifat yetakchisini qutqarishga intilmagani shundog‘am limmo-lim bo‘lib turgan qadahga to‘kilgan so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Pandemiya tufayli Malida ko‘plab odamlar ishsiz qoldi va iqtisodiy qiyinchilikda yashayotgan odamlar yanada qashshoqlashdi. Koronavirus epidemiyasi tufayli olingan yordamning qanday ishlatilgani va kimga tarqatilgani borasida hukumat poyonida turganini ko‘rsatuvchi belgiga aylandi.

Imom Mahmud Diko 19 avgust kuni barcha maliliklarni namoyish o‘tkazishga chorlar ekan, davlat rahbari va hukumatning ishi tamom bo‘lganini iddao qildi. Imom Diko va muxolifat ushbu katta namoyishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda harbiylar ertaroq harakat qilishdi va 18 avgust kuni poytaxt Bamakodan 15 km uzoqlikdagi Kati garnizonidan chiqib, to‘ntarishni boshlab yuborishdi.

To‘ntarish ortida kimlar bor?

Nega askarlar o‘tkazilishi kutilayotgan ulkan namoyishdan bir kun oldin to‘ntarish qildilar? Bu – bir so‘roq belgisi. Ularning erta harakat qilishiga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin? Askarlar chorshanba kungi namoyishda ko‘proq qon to‘kilishi mumkin, deb o‘ylashgani uchun to‘ntarish bir kun oldin amalga oshirildimi? Yoki davlat rahbari va hukumat askarlar to‘ntarishga tayyorlanayotganidan xabardor bo‘lganmi?

Hozircha harbiy isyonga Fransiyaning qay darajada aloqadorligini aytish qiyin. Zotan, bu to‘ntarish Fransiya tomonidan amalga oshirilgan yoki Fransiyaga qarshi qilingan, deb aytishga ham hali erta. Biroq haqiqat shundaki, Fransiya davlat to‘ntarishi bo‘lishidan xabardor edi va ehtiyot choralari ko‘rilgandi. Chunonchi, davlat to‘ntarishidan bir necha kun oldin Fransiya bazalarida harbiy harakatlar jonlanib qolgandi. Mali va uning armiyasi ustidan allaqachon nazorat o‘rnatgan Parijning to‘ntarishdan bexabar bo‘lishi mumkin emasdek, go‘yo. Biroq xuddi shunday harakatchanlik nafaqat AQShda ham kuzatildi. To‘ntarishdan oldinroq AQSh elchixonasi AQSh fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga chaqirdi va bir necha kun oldin o‘zining ba'zi idoralarini bo‘shatdi.

Malida nafaqat Fransiya va AQSh, balki Germaniya va Rossiya, hatto keyingi paytlarda Xitoyning ham siyosiy va iqtisodiy ishtiroki ortib bormoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, isyonchilardan biri – 20 yoshlar chamasidagi Malik Diau bir muddat Rossiyada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va u ikki hafta oldin Rossiyaga borib kelgan. Namoyishlar paytida Rossiya va Putinga murojaat qilingani ham ushbu iddaoni e'tiborga olish lozimligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, isyonchilarning eng keksa vakillaridan biri general Fanta Dembelening Germaniya bilan aloqalari mavjudligi aytilmoqda. Ammo bularning bari hozircha bir da'vo, xolos.

To‘ntarish paytida qo‘shinning barcha elementlari birgalikda harakat qilmadi, keyinroq esa kelishuvda ish tutildi. Hibsga olingan askarlardan bilish mumkinki, to‘ntarish Kati shtab-kvartirasidagi qurolli to‘qnashuvlar bilan boshlangan, to‘ntarishni boshlagan ikki xil guruh va to‘ntarishga qarshi yana bir guruh mavjud bo‘lgan.

Malik Diau

Harbiy isyon bo‘lib o‘tgan seshanba kuni kuni Malik Diau va Sadio Kamara oldinga qatorga chiqdi, oradan bir bir kun o‘tgach esa Assimi Goita o‘zini to‘ntarishni amalga oshirgan xunta rahbari sifatida tanishtirdi.

Assimi Goita

Bu esa to‘ntarish davom etayotgan payt ikkinchi bir to‘ntarish amalga oshirildimi, degan savolni tug‘dirdi. Aytishlaricha, Assimi Goita imom Mahmud Dikoning yaqini va hatto uning o‘quvchisi bo‘lgan. U 2012 yilda tuareglar qo‘zg‘oloni paytida «Azavad» ozodlik harakati tomonidan qo‘lga olingan va bu asirlikdan Imom Diko yordamida xalos bo‘lgan.

To‘ntarish ortida Imom Diko turibdimi?

Imom Diko

Imom Diko to‘ntarish paytida oldingi safga chiqmaslikni afzal ko‘rdi va haqiqiy muammo Keyta ma'muriyati ekanligini, u o‘z vazifasidan olinishi kerakligini ta'kidladi. Agar ushbu to‘ntarishda Imom Dikoning roli bo‘lsa, bu haqiqatan ham muammoli vaziyatni keltirib chiqaradi. Ya'ni Sudandagi Turabi tajribasi yana bir bor takrorlanadi, garchi u omma orasida mashhur bo‘lsa-da, harakatlarining qay darajada qonuniy ekani shubha ostiga olinadi. Diko shu paytga qadar siyosiy partiya vakiliga o‘xshamaslikka harakat qildi va o‘z harakati hamisha fuqarolik xususiyatiga egaligini ta'kidlab keldi. Shu ma'noda, askarlar bilan ittifoq tuzgani uning fuqarolik maqomiga soya soladi. Imom Diko hozirga qadar aqlli profil yaratgani bois uning bunday yo‘l tutishi dargumon. Ammo shu haqiqatning ostiga chizib aytish lozimki, Imom Diko o‘z masjidiga qaytgan taqdirda ham, uning ismi hali ko‘p yangraydi.

Askarlar Keytaning hukmronligi ostida bir muncha vaqtdan beri noqulay ahvolga tushib qolishgani ma'lum edi. Maoshlarini o‘z vaqtida olisholmayotgan, xavfli topshiriqlarga fransuz askarlari emas, balki Mali askarlari yuborilishidan tez-tez shikoyat qilishayotgandi. O‘tgan yilning oktabr oyida Burkina-Faso chegarasidagi ikkita shaharda uyushtirilgan hujumda 38 nafar malilik askar o‘ldirilishi harbiy to‘ntarish haqidagi ilk mish-mishlarni keltirib chiqargan, Keyta esa o‘shanda to‘ntarish haqidagi iddaolarni keskin tarzda rad etgandi.

Munosabatlarni qanday «o‘qish» kerak?

Davlat to‘ntarish tashabbusi boshlanganidan so‘ng birinchi bo‘lib AQSh, G‘arbiy Afrika Iqtisodiy Hamjamiyati (ECOWAS), Fransiya va Yevropa Ittifoqi munosabat bildirdi. Munosabatlar, asosan, Keyta va bosh vazir bilan birga hibsga olinganlarni ozod qilishga qaratilgandi. Odatda, har bir to‘ntarish ma'muriyatiga yo‘natiltiriladigan munosabatga o‘xshash reaksiya bildirildi. Ammo ECOWAS va Afrika Ittifoqi Malining a'zoligini muddatidan oldin to‘xtatib qo‘ygani shuni ko‘rsatadiki, Afrika yanada qattiq pozitsiyada turibdi. Fransiya va Niger tomonidan ushbu masalani BMT Bosh assambleyasiga olib chiqish istagining ifoda etilishi esa to‘ntarish ortidan mintaqaviy xavfsizlikka oid tashvishlar kuchayganini ko‘rsatadi.

Biroq keyingi jarayon yanada muhimroq. Sahnaga mediator sifatida birinchi bo‘lib qaysi G‘arb davlati chiqadi? Fransiya avvalgi davlat to‘ntarishida juda erta harakat qilgan va G‘arb davlatlari orasida birinchi bo‘lib isyonchilar bilan muloqot o‘rnatgandi. Muxolifatning Malidagi to‘ntarishdan mamnun ekaniga shubha yo‘q va hatto Malidagi suratlar ko‘rib chiqilsa, hozirgi holdan xalq judayam tashvishda, deb ham bo‘lmaydi. Ayni paytda ob-havo yetarli darajada ochiq emas, ya'ni xavfli bir manzara mavjud. Mali aholisi davlat to‘ntarishi davlat rahbari va uning atrofidagilarga qarshi uyushtirilgani xususida qat'iy fikrda emas, shuning uchun ham u to‘ntarishni baholashga shoshilmayapti.

To‘ntarish haqida birinchi bo‘lib nemis matbuoti xabar berdi. Germaniya ommaviy axborot vositalari davlat to‘ntarishiga urinish boshlanganidan keyingi 20-30 daqiqa ichida harbiy harakat boshlanganini e'lon qilishdi. Fransuz matbuoti esa og‘irkarvonlik qildi, bir muncha vaqt davomida to‘ntarish tashabbusi haqida indamay turildi. Garchi fransuz matbuoti Malida boshqa mamlakatlarning matbuot tashkilotlariga qaraganda kuchliroq bo‘lsa-da, nima uchun kechikkani va to‘ntarishni muntazam rivojlanish deb e'lon qilishni afzal ko‘rgani – diqqat qilinishi kerak bo‘lgan yana bir masaladir.

Malini qanday kelajak kutib turibdi

Avvalboshdan aytish kerakki, Malini og‘ir bir kelajak kutmoqda. Harbiy to‘ntarishlar qanday maqsadda va kim tomonidan amalga oshirilmasin, ular baribir qonuniy emas. Ayni paytda noqonuniy kuchlarning xalq manfaati uchun biror ish qilishini kutish ham aqldan emas. Malida askarlar va qurollar soyasida amalga oshirilgan bu to‘ntarish oxir-oqibat Mali aholisiga ko‘proq zarar keltiradi.

Askarlar va muxolifat o‘rtasida muzokaralar boshlanadi va saylovlar o‘tgunga qadar muvaqqat hukumat tuziladi. Muvaqqat hukumatni kim boshqaradi, qanday bir jarayon belgilanadi; bular bir necha kun ichida ma'lum bo‘ladi. Biroq qisqa muddatda fuqaro ma'muriyatiga o‘tilishi va askarlar Kati shahridagi bosh qarorgohga qaytishi darkor. Zotan, iqtisodiyoti og‘ir bo‘lgan Mali uchun askarlarning xalqaro yordam olishi, qisqa vaqt ichida mamlakat farovonligi ta'minlanishi va xalqning istaklariga javob berilishi mushkul masala. Malidagi siyosiy inqiroz tugaganga o‘xshasa-da, iqtisodiy inqiroz yanada kuchayishi aniq.

Mintaqada BMTning tinchlikparvar kuchlari, fransuz askarlari, Yevropa mamlakatlarining askarlari va Sohil kuchlari mavjud. BMT 2013 yildan beri tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun 1,3 milliard dollar sarfladi. Bu to‘ntarish esa, ma'lum ma'noda, ushbu sarf qilingan mablag‘larning suvga oqizilganini ifoda etishi mumkin. «Serval» va «Barxan» operatsiyalari doirasida Fransiyada 5 ming askar bor. Fransiya bu raqamni xavfsizlik va xavotirlar tufayli yanada orttiradi va mintaqa yanada beqaror bo‘lib qoladi. Rossiya yoki Germaniyaning Malida yo‘qotadigan ko‘p narsasi yo‘q, ammo Fransiya ma'dan konlaridan tortib, elektr stansiyalarigacha ko‘plab sarmoyalarga ega. Shu bois, Fransiya o‘z mavqeyini boy bermaslik uchun harbiy to‘ntarishning har qanday shaklda o‘ziga qarshi chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Shuni unutmaslik kerakki, garchi askarlar bu yo‘nalishda bayonot bermagan bo‘lishsa-da, Fransiya muxolifat tomonidan eng ko‘p tanqid qilingan davlatlarning boshida turibdi va ushbu davlat Malining ichki ishlariga aralashishda ayblanmoqda, sodir bo‘lgan voqealarning asosiy aybdori sifatida ko‘rilmoqda.

Malidagi harbiy to‘ntarish Niger, Burkina-Faso, Gvineya, Fil Suyagi sohili va hatto Beninga ham ta'sir qiladi. Sohil davlatlarining xavfsizligi jiddiy tahlika ostida. Burkina-Faso va Niger ham ushbu xavfli muhit va beqarorlik ta'siriga tushgan mamlakatlar qatoridan joy oladi. To‘ntarish poytaxt Bamako shahrida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, u Burkina-Faso va Niger chegaralarida ham aks-sado beradi.

Malida terror va Tuareglar muammosi ham mavjud. Tomonlar 2015 yilda qabul qilingan Jazoir kelishuvida hech qanday siljishga erisha olishmadi. Davlat to‘ntarishidan keyin Tuareglar yana bir bor mustaqillikni talab qilishlari va bu, o‘z navbatida, fuqarolar urushiga sabab bo‘lishi mumkin. Mali shimolida 10dan ortiq qurolli guruhlar mavjud. Ushbu guruhlar orasida IShID ta'siridagi terrorchi guruhlar ham bor. Aftidan, ushbu tashkilotlar va fransuz askarlari tomonidan olib boriladigan harakatlar ma'lum vaqtgacha davom etadiganga o‘xshaydi.

Kot-d’Ivuar va Gvineyada ham davlat rahbarlarining uchinchi marta saylovga o‘z nomzodlarini qo‘yishlari ortidan Malidagi kabi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu mamlakatlarda ham to‘ntarishlar uyushtirilishi va xalq qo‘zg‘alishi ehtimoli bor. Ya'ni Malidagi to‘ntarish olovi bu mamlakatlarga ham tutashishi mumkin. 

U holda, o‘z-o‘zidan bir savol tug‘iladi: navbatda qaysi Afrika davlati turibdi?

Otabek Tillayev tayyorladi

Top