Jahon | 11:27 / 31.08.2023
10143
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida Maliga qarshi sanksiyalar uzaytirilishini blokladi

Foto: RIA Novosti

BMT Xavfsizlik kengashining boshqa a’zolari Maliga qarshi jazo choralarini yana bir yilga uzaytirmoqchi edi. Ammo Rossiya rezolyutsiyani bloklash uchun veto huquqidan foydalangan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikparvar missiyasini joriy yil oxirigacha Malidan olib chiqib ketish talabidan so‘ng G‘arbiy Afrikadagi ushbu davlat fuqarolariga nisbatan ham sanksiyalar bekor qilindi. 30 avgust, chorshanba kuni kechqurun Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida Maliga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirish bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini veto qo‘yish bilan blokladi.

Dastlab, BMT Xavfsizlik kengashining Bamakodagi xuntaga qarshi sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha rezolyutsiyasi 2017 yilda qabul qilingan edi. Bu «Mali barqarorligi va xavfsizligiga putur yetkazadigan» shaxslarga nisbatan jazo choralarini (bank hisoblarini bloklash va sayohatlarni cheklash) joriy etishga imkon berdi. Ushbu rezolyutsiyaning amal qilish muddati uzaytirilmagan holda, 1 avgustdan boshlab BMTning Malidagi vaziyatni kuzatish bo‘yicha mustaqil ekspert komissiyasi faoliyati to‘xtatiladi.

«Vagner» XHK bilan hamkorlik

Mali armiyasi, 2021 yilda mamlakatdagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng, Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari bilan hamkorlik qilmoqda. Hozir tarqatib yuborilayotgan BMT ekspert komissiyasi o‘zining so‘nggi hisobotida «vagnerchilar»ni inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda aybladi. Yaqinda XHK rahbari Yevgeniy Prigojin samolyot halokatida vafot etganidan so‘ng, Malidagi rus yollanma askarlarining kelajagi noma’lumligicha qolmoqda.

Mali harbiy xuntasi Rossiyaning ko‘magiga tobora ko‘proq tayanib, iyun oyi o‘rtalarida BMTning barcha 12 000 askarini joriy yil oxirigacha Mali hududidan olib chiqib ketishni talab qildi. Germaniya avvalroq 1100 nafar askarining ushbu missiyadagi ishtirokini to‘xtatishga qaror qilgan edi. So‘nggi paytlarda Mali harbiy xuntasi bilan, jumladan, razvedkachi uchuvchisiz uchoqlar parvozi huquqlari bo‘yicha mojaro tobora kuchayib bormoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid