14:18 / 24.08.2020
11818

Andijon va Xorazmda fuqarolarni 4000 dollarga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

Tadbirda Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi A.X. oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanganidan foydalanib, firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirib qolish maqsadida fuqaro O.A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetning Fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport yo‘nalishiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda fuqaro Sh.K. firibgarlik yo‘li bilan daromad  orttirish maqsadida fuqarolar D.S. va Z.A.ning ishonchiga kirib, ularni Urganch Davlat universitetining Jismoniy tarbiya va tasviriy san'at yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga mazkur universitetning 3-bosqich talabasi M.A. orqali 4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top