16:19 / 24.08.2020
23965
Yunusobodda mast holatda bo‘lgan IIBB sobiq xodimi yo‘ldan o‘tayotgan ona-bolani urib yubordi

Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan YTH haqida ma'lumot berildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida ichki ishlar organi xodimi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 24 avgust kuni taxminan soat 01:10da Yunusobod tumani Yunusota ko‘chasida “Kobalt” rusumli avtomobil haydovchisi 31 yoshli T.A. (Toshkent shahar IIBB sobiq xodimi, shahodatlash komissiyasidan o‘tmagach, rahbariyatning buyrug‘i asosida joriy yilning 20 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan) piyodalarning tartibga solinmagan o‘tish joyidan onasi bilan o‘tayotgan yosh bolani urib yuborgan.

Qayd etilishicha, YTH oqibatida 2 yoshli T.Ch. badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

YTHning taxminiy sababi: tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra haydovchi spirtli ichimlik ta'siri ostida bo‘lgan va piyodalarni ko‘rmay qolgan.

Mazkur fakt asosida Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 1 qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Hozirda olib borilayotgan tergov ishlarining yakuniga ko‘ra qonuniy chora ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Top