16:12 / 25.08.2020
4052
«Hech kimga iymondan keyin ofiyatchalik yaxshi narsa berilmagan» – Nuriddin Xoliqnazarov salomatlikka e'tiborli bo‘lishning shar'iy zarurati haqida

Toshkent shahri bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov aholiga murojaat qilib, karantin choralari yumshatilgan davrda beparvolikka berilmaslikka chaqirdi.

«Islom dinida har bir inson o‘zi va boshqalarning hayotini muhofaza qilishga mas'uldir. Alloh Qur'onda «O‘zingizni halokatga tashlamang» deb xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat). Ya'ni musulmon kishi zararli narsalar tomon qadam bosmaydi, ruhini va jismini saqlaydi.

Payg‘ambarimiz «Kasal odam sog‘lom odamning oldiga bormasin», deganlar. Pandemiya davrida o‘zi, oila-a'zolari, yaqinlari va jamiyatni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun har bir kishi mas'uldir va bu ayni shariat talabidir. Fiqhiy qoidada «Ommaviy zararni daf qilish uchun xos zararga sabr qilinadi», deb ta'kidlangan.

Bugungi vaziyatda hech kimning xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Agar bu xatarga beparvo bo‘lsak, minglab odamlarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yamiz, vaziyat yana ham og‘irlashadi», dedi imom-xatib AOKAdagi brifingda.

Imom Islomda insonlarning o‘z sog‘ligiga e'tiborli bo‘lishga chaqirilgani xususida diniy manbalardan misollar keltirdi.

«Islom dinida inson uchun dunyodagi eng katta ne'matlardan biri sihat-salomatlik, deb belgilangan. Dinimiz beshta asosni himoya qilishni bosh maqsad qiladi, bular – jon, din, nasl, mol va aqldir. Muhammad (s.a.v) «Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik uning qadriga yetmaydi. Bular sihat-salomatlik va xotirjamlikdir», dedilar. Yana bir hadisda «Allohdan yaqiynni (mustahkam iymon) va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Hech bir kimsaga yaqiyndan keyin ofiyatchalik yaxshi narsa berilmagan», deyiladi.

Demak, insonga Alloh tomonidan berilgan ne'matlar ichida eng birinchi o‘rinda mustahkam iymon tursa, keyingi o‘rinda sog‘lik turar ekan. Uni asrab-avaylash insonning oliy burchi hisoblanadi. Alloh bandalarini qiyinchilikka tashlab qo‘ymaydi, balki tezda yengillik beradi. Qur'onda «Albatta, Alloh tezda tanglikdan keyin yengillikni paydo qilur», deb marhamat qilinadi (“Taloq” surasi, 7-oyat).

Hozirgi murakkab sinovli va og‘ir kurashda ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq. Sabr qilsak, qanoat qilsak va ko‘rsatmalarga amal qilsak, bu yutug‘imiz bo‘ladi, xalqimizning farovonligi bo‘ladi. Inson bir o‘zi uchun emas, oilasi uchun, bola-chaqasi uchun, qo‘ni-qo‘shnisi uchun, butun jamiyat uchun o‘zining sabri ila katta manfaat keltiradi. Besabr bo‘lib, amalda bo‘lib turgan karantin qoidalariga amal qilmasak, butun jamiyatga va oilamizga katta zarar bo‘ladi.

Ajdodlarimiz bunday sinovlarni xalqimizga xos vazminlik bilan, bir-birlariga ko‘mak berib, ertangi kunga katta ishonch va umid bog‘lab, duo va iltijo bilan yengib o‘tishgan. Shunday ekan, shu kunlarda yanada hamjihat bo‘lsak, bu kasallik Haq Taoloning izni bilan chekinadi», dedi imom-xatib.

Top