13:09 / 26.08.2020
4935
Andijonda ota-onalarning 91 foizi farzandini maktabga jo‘natishga rozilik berdi

Joriy yilgi o‘quv yilini 14 sentabr, dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi. Bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, xavfsiz hududlardagi ba'zi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishini o‘rganib chiqish ham rejalashtirilgan. 

Shu sababli, barcha maktablarda ota-onalardan so‘rovnomalar olinmoqda. Bu so‘rovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, obektiv holat bo‘yicha ma'lumot yig‘ishga imkon beradi.

Andijon viloyatida ham bu masala kun tartibida turibdi. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning ma'lum qilishicha, 25 avgust kuni viloyatdagi umumta'lim maktablarining 1-sinflariga qabul qilingan bolalarning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Natijada, ularning 91 foizi, yangi o‘quv yili boshidan o‘z farzandlarini maktabga jo‘natishga rozi ekanligi ma'lum bo‘ldi.   

Shuni ta'kidlash joizki, yangi o‘quv yilida viloyatdagi 764 ta umumta'lim maktablarida qariyb 60 ming nafar bolalar 1-sinflarda o‘qishni boshlaydi. Umuman olganda, viloyat bo‘yicha jami o‘quvchilar soni 575 ming nafarni tashkil etadi.  

Shuningdek, viloyatda yangi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, bir qator umumta'lim maktablari ta'mirlandi. Xususan, investitsiya dasturi asosida 33 ta maktab sifatli ta'mirdan chiqarildi, mahalliy budjet hisobidan esa 20ta maktabni ta'mirlash ishlari olib borildi. 

Top