10:42 / 28.08.2020
5632
Zarafshonda murabbiyga musht ko‘targan mushtumzo‘r qo‘lga olindi

Hozirda Zarafshon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi xodimlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.   

Zarafshon shahar 19-kichik tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro N.V. jismoniy kuchini o‘zgalarga ko‘z-ko‘z qilishga urindi, deb xabar bermoqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, u hududda joylashgan 14-sonli maktabgacha ta'lim muassasasining orqa tomonida o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, Zarafshon shahar “Alpomish BO‘SM”da murabbiy bo‘lib ishlovchi Sh.F. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik natijasida uning bosh qismiga urib, Zarafshon shahar STEBning xulosasiga ko‘ra “sog‘liqni buzilishiga olib keluvchi tan jarohati” yetkazgan.

Zarafshon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur holatda N.V. xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi inobatga olinib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.   

“Jamiyatimizda kimgadir tahdid qilish, do‘q-po‘pisa bilan qo‘rqitish va yoki do‘pposlash hech bir qonuniy talabga javob bermaydi. Yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik holatiga endilikda adolat mezonlari asosida baho berilib, aybdorga nisbatan tegishli tartibda jazo choralari ko‘riladi. Zero, qonun kuchi amaldagi ijrosi bilan o‘z ustuvorligiga egadir” - deyiladi ma'lumotda.

Top