Turkiya chempionatida birinchi o‘rin uchun jiddiy kurash kechmoqda, «Fenerbahche» «Galatasaroy»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Ammo, Superliganing 30-turi futbolga xos bo‘lmagan holat bilan yodda qoldi – fanatlar va futbolchilar maydonda masalaga oydinlik kiritishga kirishishdi.

Trabzonspordagi o‘yin dramatik tus oldi: «Fenerbahche» «MYu»ning sobiq yarimhimoyachisi Fredning dubli evaziga hisobda oldinda bordi, unga ikki golda ham «Ayaks»ning sobiq futbolchisi Dushan Tadich assistentlik qildi. Ammo ikkinchi bo‘limda «Trabzonspor» safida Bardi va Trezege bittadan gol urib hisobni tenglashtirdi. 87-daqiqada esa «Fenerbahche» hujumchisi Mishi Batshuayi («Chelsi»ning sobiq futbolchisi) baribir g‘alaba golini urdi.

O‘yindan keyin «Fenerbahche» futbolchilari maydon markazida to‘planib, muhim g‘alabani nishonlashdi. Shu bilan birga, bu ishni namoyishkorona mezbon fanatlar o‘tirgan tribunaga o‘girilgan holda amalga oshirishdi.

Bunga javoban maydonga niqobli fanatlardan biri yugurib chiqdi va futbolchilar qarshisida tajovuzkorona harakatlar qildi.

«Fenerbahche» futbolchilari esa uni munosib qarshi olishdi. Ayniqsa himoyachi Brayt Osayi-Samuel jonbozlik ko‘rsatdi va bezorini ham, ularni ajratish uchun o‘rtaga tushgan styuardni ham gazonga qulatib, do‘pposlay boshladi.

Bu holat esa tribunadagi boshqa muxlislarni ham maydonga tushishga undadi va fanatlardan biri chopib kelib mehmon jamoa futbolchisiga ortdan zarba berdi.

Xuddi shu vaqtda 90 daqiqa davomida charchamagan Brayt Oseyi-Semyuel maydonga chopib tushganlardan birini bir musht bilan ag‘dardi va tepkilay boshladi.