21:03 / 07.09.2020
18324
«Baxtning birinchi sharti – o‘z-o‘zini aldamaslik» - Abdukarim Mirzayev bilan suhbat (2-qism)

O‘z uslubi, o‘z yo‘nalishiga ega faol vlogerlardan biri – Abdukarim Mirzayev o‘zining kichik hikoyalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislar orttirmoqda.

O‘tgan haftada Abdukarim Mirzayev bilan intervyuning birinchi qismini taqdim etgan edik. Bugun suhbatning ikkinchi qismini mushtariylar e'tiboriga havola etamiz.

– Shu vaqtga qadar hech kim sizga bermagan, ammo siz gapirishingiz kerak bo‘lgan savol yoki mavzu bo‘lganmi?

– Gapirilayotgan hikoyalar bo‘lsin, mulohazalar bo‘lsin, bularning hammasi hech kim menga bermayotgan, ammo men gapirishim kerak bo‘lgan mavzular. O‘zim xohlamasam hech narsani maromiga yetkazolmayman.

Nega savolimga javob bermaysiz, nega savolimga javob bermaysiz deyishadi. Men aytdimki, do‘stlar men nima gapirishni istayotgan bo‘lsam, gapiryapman. Gapirmayapmanmi, demak, men bu mavzu haqida gapirishni xohlamayapman. Xoh video bo‘lsin, xoh audio mahsulot bo‘lsin, bularning barchasi hech majburiyatlarsiz ich-ichimdan istagan mavzular. Va bunday mavzular juda ham ko‘p.

– Inson uchun eng foydali va eng xavfli uch odat?

– O‘zini aldab yashamaslik – men uchun hayotimning eng birinchi sharti. Nima yo‘qotgan bo‘lsam ham, o‘zimni aldamaganim uchun yo‘qotdim. Nimani topgan bo‘lsam ham, o‘zimni aldamaganim uchun topdim. Inson har kimni aldab yashashi mumkin, ammo o‘zini aldab, biron narsalarga ovutib, ishontirib, ko‘ndirib yashayotgan bo‘lsa, o‘sha inson, juda ham baxsiz inson.

Siz aytayotgan uchta narsa o‘rniga ham mana shu rostlikni qo‘ygan bo‘lar edim. Har bir munosabatda rostlik. Ibodatdan tortib taomlanishgacha, farzandingizdan tortib odamlar bilan o‘rtangizdagi munosabatgacha rostlik. Rostgo‘ylik, o‘zini aldab yashamaslik – baxtli yashashning birinchi shartidir.

Abdukarim Mirzayev

– Har zamon va makonning o‘z ideallari bo‘ladi va odamlar shularga ergashadi. Insonni tafakkur qilishga chorlovchi inson sifatida bunga qanday qaraysiz? Zamonaviy adabiyotimizda, san'atimizda bugungi kun ideallari, ijodkorlari bormi?

– Agar kimdir hayoti bir qadar qiyinchilikda qolsa ham, farzandlarini o‘ylab, millatining, davlatining kelajagini o‘ylab, loyiq bo‘lmagan o‘rnini loyiq bo‘lganlarga bo‘shatib berayotgan odamlar – bugungi kun qahramonlaridir.

Chunki bunday odam o‘zi ko‘nikib qolgan, tayyor bir joydan kelib turgan, uni yeyishga o‘rganib qolgan hayotidan voz kechib, og‘irroq, qiyinroq hayotni tanlayotgan bo‘lishi mumkin. Uning bu qilgan ishini millati uchun, xalqi uchun katta fidoyilik, deb bilaman. Buni qorovuldan tortib, eng katta mansabdorgacha olaverasiz. Bu hammaga tegishli. Kim bu ishni qila olayotgan bo‘lsa, millatning qahramoni o‘shalardir. Yana qaytaraman: loyiq bo‘lmagan o‘rnini loyiq bo‘lganlarga bo‘shatib berayotganlar – eng katta qahramonlar.

– Sizning ideallaringiz bormi?

– Yaxshi ko‘rib kitoblarini o‘qiydigan adiblarim bor. Xalqimiz, millatimiz o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar bor. Shunday kitoblardan biri – Grigoriy Petrovning Finlandiya haqida yozilgan «Oq nilufarlar o‘lkasi» asaridir. Bu asar – botqoqqa botib qolgan finlarni qanday qilib gurkirab ketgani haqidagi tarixiy kitob. Kitobni hamma o‘qib chiqishi kerak deb o‘ylayman.

Men o‘zim biror narsaga fanat emasman. Ya'ni o‘zimni juda ham ko‘p taroziga tortaman. Har bir aytayotgan gapimni qayta-qayta tahlil qilaman. Hech bir g‘oyaga oshiqligim yo‘q.

Bugun jamiyatni, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kitobsizlikdan, ilmsizlikdan qanday qutqarib qolish mumkin?

– Bir jamiyatni munavvar, oydin holda saqlab turish uchun davlat, albatta, kuch sarflashi kerak. Pul sarflashi shart. Agar davlat bu ishni qilmasa, jamiyat ichidan qo‘l bilan sanoqli oydin odamlar chiqadi. Bu – nemis faylasufi Kantning fikri.

U aytadiki, bir jamiyatni tubdan o‘zgartirish, o‘stirish uchun davlat buni qattiq istashi kerak. Bugun bizni davlatimiz buni, albatta, istayapti. Faqat bugunga yetarlicha e'tibor ko‘rsatilmayapti. Masalan, bir qo‘shiq targ‘iboti uchun sarflanayotgan puldan bir kitob targ‘iboti uchun sarflanayotgan pul juda kamdir. Men hali biron bir kitobni qaysidir joyda reklama qilinganini ko‘rmadim. Misol uchun, Turkiyada metroda yurasizmi yo ko‘chadami, qayerga qarasangiz ham yangi chiqqan kitob reklamalari bor.

Kecha bir kitobni qo‘limga oldim. Ishonasizmi, hali yozilganiga o‘n yil bo‘lmagan bu kitob 128 marta nashrdan chiqqan ekan. Qiziq tomoni, bu kitob suhbatlar asosida yozilgan. Bizda bunday kitob qachon yozilgan? Biron bir kitobni qo‘lingizga olsangiz, ellik marta nashrdan chiqqan bo‘ladi. Bularni bizdan ko‘ra hayoti tezroq, vaqti tig‘izroq, internet olamini gapirmasak ham bo‘ladi, ammo kitob o‘qishga vaqt topishadi. Chunki shusiz mumkin emas, deb o‘ylaydi. Ya'ni kimdir shuni o‘qiyotgan bo‘lsa-yu, men o‘qimasam, kimdir shu bilimni egallayotgan bo‘lsa-yu, men egallay olmasam, hayotim izdan chiqib qolishi, bu tapir-tupir zamonda oyoqosti bo‘lib ketishim mumkin, deb o‘ylaydi-da.

Nima uchun maddohlik fazilat darajasiga ko‘tarilib qoldi?

– Maddohlik bitta o‘rindan boshqa har qanday o‘rinda qoralanadi. Agar kim buni qilayotgan bo‘lsa, yomonlik ichidadir. Hayot uni, albatta, jazolaydi. Faqat bir o‘rindagina u jazosini olmaydi. Er-xotin bir-biriga nisbatan maddoh bo‘lsa bo‘laveradi. Boshqa hech bir o‘rinda, hatto, farzandlarga bo‘lgan munosabatlarda ham bu o‘rinsizdir. Maddohlik shivirlashib gaplashish darajasidagi odamlardan boshqa o‘rinlarda qo‘llanyaptimi, demak, bu katta xato va jazosi tayin bo‘lgan ish.

Maddohlik qilayotganlar shuni bilsinki, maqtaluvchi kimnidir jazolashi kerak bo‘lsa, o‘sha maddohni jazolaydi. Oyoq artilishi uchun biron inson kerak bo‘lib qolsa, o‘sha bilan artadi.

Suhbatning ikkinchi qismini yuqoridagi video orqali to‘liq ko‘rishingiz mumkin.

Rahmatilla Isroilov suhbatlashdi.

Top