23:52 / 07.09.2020
32543
Turkiya sudi Abdulqodir Masharipovni 1368 yilga ozodlikdan mahrum etdi
Foto: AP

Turkiya sudi 2017 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi tungi klublardan birida terakt sodir etgan, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Abdulqodir Masharipovni 1368 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Ta'kidlanishicha, Turkiyada bu jazo muddati 40 ta umrbod qamoq jazosiga teng hisoblanadi.

Terrorchi 39 kishini qasddan o‘ldirishda, o‘ldirishga suiqasd qilishda, qurol saqlash qoidalarini buzishda aybdor deb topilgan. 

Masharipov Turkiyaga 2016 yilda kelgan. Ayblanuvchi tergov davomida o‘z aybini tan olgan. Turkiya politsiyasi u ijaraga olgan uyni tintuv qilganda 150 ming dollar topgan. Dastlabki versiyalardan biriga ko‘ra, Masharipov jinoyatni g‘oyaviy qarashlar negizida emas, balki aynan pullar uchun sodir etgan. Biroq keyinroq uning terrorchilarga aloqadorligi o‘rnatilgan. U 2017 yilning 16 yanvarida qo‘lga olingan.

Masharipov Yangi yilning ilk soatlarida Istanbul shahridagi O‘rtako‘cha tumanida joylashgan Reina tungi klubiga Kalashnikov avtomati bilan bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutgan. Hujum vaqtida 39 kishi, jumladan, Rossiya, Iordaniya, Marokash, Saudiya Arabistoni, Livan, Liviya va Isroil fuqarolari halok bo‘lgan. 70 ga yaqin odam yaralangan. Hujum vaqtida klubda 700 dan ko‘proq kishi Yangi yilni nishonlayotgan bo‘lgan. 

Terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Top