12:35 / 09.09.2020
8239
Moskva muftiysi koronavirusga chalindi

Muftiyning so‘zlariga ko‘ra, u musulmonlar masjidlarda koronavirusdan himoya qilish choralariga e'tiborsiz qarashayotganini ko‘rgan. U musulmonlarni infeksiya xavfini yoddan chiqarmaslikka chaqirdi.

Foto: Andrey Lyubimov / AGN «Moskva»

Moskva muftiysi, Rossiya Musulmonlar idorasi raisining o‘rinbosari Eldor Aloutdinov koronavirusga chalindi. Bu haqda u Instagram’dagi videomurojaatida xabar berdi.

«Afsuski, bir muncha vaqtdan beri men ham kasal bo‘lib yotibman, COVID mening oilamga ham kirib keldi. Bir necha kun juda og‘ir o‘tdi va tashxis ham darhol qo‘yilmadi - ba'zi alomatlar mavjud edi, ammo baribir oxirigacha bu COVID emas, balki oddiy O‘RVI yoki gripp deb o‘ylashdi. Ammo COVID tasdiqlandi», - deya ma'lum qildi muftiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘p odamlar, shu jumladan musulmonlar ham koronavirusdan himoya qilish choralariga rioya qilmayapti. Muftiyning aytishicha, buni masjidda bo‘lganida va binoning orqa qatorlariga borganida payqagan. «Ba'zilar masofa saqlashni ham unutib qo‘ydi - yelkama-yelka turishibdi. Ularning barchasi taqvodor, to‘g‘ri: odamlar quchoq ochib ko‘rishyapti, qo‘l berib so‘rashyapti», - deya qayd etdi Aloutdinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, musulmonlar o‘zlarini doimo sog‘lom deb o‘ylab yurishlari kerak emas, sababi koronavirus «juda oson va juda tez» yuqadi. Shuningdek, u COVID-19 nafaqat yuqtirgan odam, balki uning yaqinlari, oilasi va farzandlari uchun ham juda og‘riqli ekanligini ta'kidladi.

Top